Akademiya o‘qituvchi va talabalari Belarusda malaka oshiradi
O‘zbekiston va Belarus Respublikalari IIV Akademiyalari o‘rtasida onlayn videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari munosabatlarning o‘zaro anglashuv va ishonch ruhida rivojlanayotganini e’tirof etib, ko‘p qirrali hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Jahonning ayrim mamlakatlarida hukm surayotgan beqaror vaziyat, yuzaga kelayotgan global tahdidlar ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash jarayonida o‘zaro tajriba almashishni taqozo etayotgani ta’kidlandi.
Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, general-mayor Aleksandr Vasilevning fikricha, so‘nggi yillarda Belarus — O‘zbekiston hamkorligi ko‘plab muhim yo‘nalishlarda o‘zaro muloqot ruhidan amaliy sa’y-harakatlarni birlagikda amalga oshirish bosqichiga o‘tdi. Buni ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi aloqalarning bugungi sur’ati ham yaqqol namoyon etmoqda. Muhimi, hamkorlikni yanada mustahkamlashda yuksak intilish bor va bu yaqin istiqbolda o‘zining ijobiy tendensiyalarini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov soha uchun kadrlar tayyorlashning ustuvor jihatlariga e’tibor qaratib, innovatsion metod va yondashuvlar, nazariya va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, xalqaro tajribani keng o‘rganish zamonaviy ta’limning dolzarb talablari ekanligini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida joriy o‘quv yili uchun mo‘ljallangan asosiy chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar va kursantlarimiz uchun Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida o‘quv seminari va pedagogik mahorat oshirish kurslarini tashkil etish, o‘zaro almashuv (paritet) asosida malakali mutaxassislarni mashg‘ulotlarga jalb etish masalalarining tashkiliy tomonlari kelishib olindi. General-mayor Aleksandr Vasilev o‘zbekistonlik hamkasblarini joriy yilning sentyabr-noyabr oylari Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tadigan “Ochiq eshiklar kuni”, Yoshlar festivali hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga taklif etdi.
Videomuloqot yakunida o‘zaro tajriba almashinuvi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Jamshid XOLOV,
kapitan