Akademik va yoshlar uchrashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi 243-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan "Mustaqillik darsi" O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik, senator Shavkat Ayupov ishtirokida o‘tdi.
Tadbirda yurtimizda yosh avlodning mukammal ta’lim olishi, ilm-fan cho‘qqilarini egallashi va xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Dunyoga tanilgan yirik olim Shavkat Ayupov o‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilib, ilm-fan sirlari, matematika fanining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda o‘zining hayotiy tajribalari haqida so‘zlab berdi. Yoshlarga mustaqillik bergan ulkan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatni oshirish va o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yish bo‘yicha qimmatli maslahatlarini ulashdi.

Samimiy savol-javoblar va qizg‘in munozaralarga boy o‘tgan dars yosh avlodning qalbidagi vatanga muhabbat va ilmga bo‘lgan intilish tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi. Bunday uchrashuvlar maktab o‘quvchilari uchun kelajakdagi katta marralar sari mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz.
Muhayyo Turdaliyeva, O‘zA