Aka-uka tadbirkorlar Chortoqda kutubxona qurdi
Davlatimiz rahbarining kitobxonlik va kitob mutolaasiga e’tiborni yanada kuchaytirishga doir farmon va qarorlarini ijro etishga katta ahamiyat berilmoqda. Fikrimizning yaqqol dalili sifatida aytish mumkinki, Chortoq tumanidagi Zafar Diyor nomli mahallada “Ma’rifat” kutubxonasi va kitob do‘koni ish boshladi.
Kitobxonlik madaniyatini har qachongidan ko‘ra yuksaltirish, yoshlarning, umuman olganda, badiiy asarlarga qiziquvchilarning bo‘sh vaqtini yanada mazmunliroq tashkil etish niyatida ochilgan bu go‘zal maskan dastlabki kundanoq yuzlab kitobsevarlar bilan gavjum bo‘ldi.
“Ma’rifat” deb nomlangan bu kutubxona va kitob do‘koni chortoqlik fidoyi insonlar - taniqli yozuvchi va tarjimon Nurulla Abbosxon, iste’dodli dramaturg Davlatilloh G‘oziyev va ma’rifatni qadrlaydigan tadbirkor Oyatilloh G‘oziyevning sa’y-harakati hamda tashabbusi bilan o‘z mablag‘i hisobidan qurib bitkazildi. Bu binoning qad rostlashida Chortoq tumani hokimi Ilhomjon Sattorovning qimmatli maslahatlari hamda fidoyiligi alohida tahsinga loyiq.

Chortoqlik aka-uka tadbirkorlar - Davlatilloh va Oyatilloh G‘oziyevning qariyb bir milliard so‘mlik mablag‘i hisobiga qurilgan ikki qavatli kutubxona shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Diqqatni jalb etadigan tomoni shundaki, bu muhtasham kutubxonadan 20 mingtadan ziyod turli janrdagi qiziqarli badiiy asarlar, ommabop, ilmiy adabiyotlar joy oldi. Eng muhimi, ma’naviyat va madaniyat maskanidagi 65 o‘rinli o‘quv zali kitob ixlosmandlari bilan to‘ldi.
Shunisi quvonarliki, bu joyda kitob mutolaasi hamda kishilarning yetarli darajada bilim olishlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Shu sababli kutubxonaga hamda kitob do‘koniga har kuni bog‘cha yoshidagi kichkintoylardan tortib soqoli ko‘ksiga tushgan nuroniylargacha kitob o‘qish va sotib olish uchun kela boshladi.
Bu maskan nafaqat chortoqliklar uchun, balki butun Namangan viloyatidagi kitobga qiziquvchilarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiladigan gavjum joyga aylanishiga shubha yo‘q. Chunki kutubxona hamda kitob do‘koni ishga tushishi bilanoq sakkiz kishi yangi ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ular bu yerga keluvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatib, xalqning sevimli maskaniga aylanishiga munosib hissa qo‘sha boshladi.
Mahobatli kutubxona hamda kitob do‘konini ko‘zdan kechirar ekanman, qani edi boshqa ayrim viloyatlardagi tadbirkorlar ham ma’naviyat va ma’rifat fidoyisi aka-uka G‘oziyevlardan o‘rnak olib, kutubxona va kitob do‘konidek ma’rifat ziyosini tarqatadigan go‘zal binolarni qo‘rishga kirishsalar edi, degan fikr ko‘ngildan o‘tdi.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri