Ajrim yoqasidagi oilalar yarashdi
Navoiy viloyat sudi fuqarolik sudlov hay’ati, tumanlararo (tuman) sudlari tomonidan joriy yilning birinchi choragida nikohdan ajratish haqidagi ko‘rilgan ishlar bo‘yicha taraflar yarashganligi sababli jami 72 ta ish tugatilgan. 53 ta oila sudlar tomonidan, 19 tasi tuman va shahar Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limlari bilan hamkorlikda yarashtirilgan.
Navoiy viloyatida oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, huquqbuzarliklarning oldini olish, notinch oilalarda sog‘lom muhitni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil xotin-qizlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish maqsadida Navoiy viloyat sudi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi o‘rtasida Memorandum imzolangan.
– Oila munosabatlari barqarorligi, oilalar farovonligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar bois, oilaviy ajrimlarning oldi olinmoqda, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi Sherali Ochilov. – Yaqinda bir ayol sudga nikohini bekor qilish borasida murojaat qildi. U o‘z murojaatida turmush o‘rtog‘i M.M. bilan 2016 yil 6 aprel kuni Navoiy shahar FHDYO bo‘limida nikohdan o‘tganligi, hozirda bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, turmush o‘rtog‘ining xatti-harakatlari o‘zgarib, oilasini hurmat qilmasligi bois bir oila bo‘lib yashash imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
Sud majlisi davomida taraflarga oiladagi muhit juda muhimligi, bunda oila a’zolari, ayniqsa, er-xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘z bo‘lishi, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi, oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchini astoydil ado etishga intilishi lozimligi singari omillar tushuntirilgach, ular o‘zaro yarashib, da’vo talabidan voz kechdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA