Ajoyib yakunlar, yangi rejalar sari
2025 yil yakuniga yetmoqda. Ayni kunlarda ko‘pchilik korxona va tashkilotlarda joriy yil sarhisob qilinayotir. Shu bilan bir qatorda yangi yilda yangi ulug‘vor rejalar sari dadil qadamlar tashlanmoqda.
O‘zA muxbiri Samarqand viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Amonovga joriy yil yakunlari hamda galdagi rejalarga oid bir necha savollar bilan murojaat qildi. Quyida shu suhbat mazmuni bilan tanishasiz.

– 2025 yil viloyatda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida salmoqli yutuqlarga erishilganini alohida ta’kidlab o‘tishni istar edim. Eng muhimi, chorvachilik va uning tarmoqlarini yuksaltirish uchun umumiy qiymati 379,8 milliard so‘mlik 81 ta loyiha amalga oshirildi. Viloyatimizga chetdan 3,7 ming bosh qoramol, 7,3 ming bosh qo‘y va echki olib kelindi. Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda, jumladan Kattaqo‘rg‘onda umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik yirik klaster tashkil etildi. Naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida 308 ming 672 bosh sigir va tana sun’iy urug‘lantirildi. 75 ta tovar xo‘jaliklari naslchilik xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, ularning soni 205 taga yetkazildi.
Bundan tashqari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda tadbirkorlar, tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan Mo‘g‘uliston davlatidan 6 ming 820 bosh “bayat” zotli qo‘y olib kelingani ham quvonarli holdir. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istar edimki, bu yil 752 ta qoramolchilik, 223 ta qo‘y va echkichilik, 4 ta yilqichilik, 212 ta parrandachilik, 659 ta baliqchilik, 61 ta asalarichilik, 18 ta quyonchilik sub’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlarda yuzlab veterinar hamda chorvadorlarimiz jonkuyarlik va tashabbuskorlik namunasini ko‘rsatishdi.

Dehqon va fermer xo‘jaliklariga besh yarim milliard so‘mlik pullik veterinariya xizmatlari ko‘rsatildi.
Fransiya tajribasi asosida 13 ta tumanda jami qiymati 21,5 milliard so‘m bo‘lgan 19 ta go‘sht va sut yo‘nalishidagi 30-50 boshli kichik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etilib, ularda 800 bosh qoramol parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda veterinariya hamda chorvachilikni rivojlantirish borasida dolzarb vazifalar turganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim.
Chorva ozuqa bazasini mustahkamlash uchun 22,3 ming gektar maydonning 3,7 ming gektariga yangi beda, 9 ming gektariga silos uchun makkajo‘xori, 2,5 ming gektar yerga don uchun makkajo‘xori, 817 gektar maydonga xashaki lavlagi hamda 5,4 ming gektar yerga kuzgi oraliq ozuqa ekinlari ekiladi.
Fransiya tajribasi asosida to‘qqizta tumanda go‘sht va sut yo‘nalishidagi o‘ttiz-ellik bosh molga mo‘ljallangan kichik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etish nazarda tutilgan.
Natijada, qo‘shimcha 1.191 tonna sut, 35,9 tonna go‘sht ishlab chiqariladi. Bundan tashqari 9 ta tovar xo‘jaligi naslchilik xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, ularning soni 231 taga yetkaziladi. Aholi xonadonidagi chorva mollarining naslini yaxshilash hamda naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida 66,4 ming bosh sigir va tana sun’iy urug‘lantiriladi.

Bulung‘ur tumanida “Agroparranda klasteri” MCHJ tomonidan 49 million dollar xorijiy kredit liniyasi hisobidan yiliga 5 million bosh naslli jo‘ja yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy parrandachilik naslchilik korxonasi ishga tushiriladi. Natijada 604 ta ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatimizga qo‘shimcha o‘n ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelinib, yaqin oylar ichida yanada ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Mo‘g‘uliston davlatidan go‘sht-jun yo‘nalishida qo‘y-echki olib kelish, qo‘shimcha ravishda yil oxirigacha 22 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilishga erishmoqchimiz. Quvonarli tomoni shundaki, aholi va chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan boqib, ko‘paytiriladigan va saqlanadigan 92,7 ming bosh hayvon Jaxon banki tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan bepul identifikatsiya qilinadi va ularning elektron hisobi yuritiladi.
Dehqon va fermer xo‘jaliklariga 2 milliard so‘m pullik veterinariya xizmati ko‘rsatiladi. Eng muhimi, veterinariya va chorvachilik sohalarini 60-70 foizga raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Erishilayotgan muvaffaqiyatlar va galdagi vazifalar ijrosini ta’minlashimizda Sherbek Bo‘ronov, Navro‘z Rahmonov, Shuhrat Jabborov, Abror Akbarov, Botir Jabborov, Xurshidbek Samiyev, Faxriddin Boboyev, Anvar Suyunov, Nurbek Sharipov, Matluba Allamurodova va boshqa fidoyi insonlarning maslahatlari katta ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim.
2026 yilda ham yutuqlarimizni yanada ko‘paytirib, sohada har qachongidan ko‘ra ijobiy o‘zgarishlarga erishamiz, degan niyatdaman.
Zuhriddin Amonovning suhbatidan shu narsa ayon bo‘ldiki, qadimiy va navqiron Samarqandda boshqa sohalar bilan bir qatorda veterinariya hamda chorvachilik yangi yilda ham har jihatdan rivoj topadi.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri