Ahror Yoqubov: "O‘zbekiston umurtqa jarrohligida jahon yetakchilaridan biriga aylandi" (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashdi. Davlat rahbari soha fidoyilarini kasb bayrami bilan qutlab, inson salomatligini asrash yo‘lidagi fidokorona xizmatlari uchun bir guruh tibbiyot xodimlariga yuksak davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
O‘zA muxbiri II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi, Uchtepa tumanidagi “Jacksoft medical diagnostics services” xususiy klinikasi neyrojarrohi Ahror Yoqubov bilan suhbatlashdi.
Malakali shifokorning ta’kidlashicha, 2017-yildan buyon yurtimizdagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlanib, ko‘plab mahalliy mutaxassislar xorijda malaka oshirib qaytdi. Shunga qaramay, bugungi kunda qariyb 40 millionlik aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sohani tinimsiz rivojlantirib borish davr talabidir.
– Bugun O‘zbekistonda umurtqa pog‘onasi endoskopiyasi yo‘nalishida dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan ham ilgarilab ketdik, deb to‘la ishonch bilan ayta olaman, – dedi Ahror Yoqubov.
Tajribali neyrojarrohning e’tirof etishicha, ushbu yuksak davlat mukofoti unga yanada ko‘proq izlanish, kasbiy mahoratini tinimsiz oshirish va kelajakda yangi zafarlarga erishish uchun cheksiz kuch va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
Batafsil quyida:
Dilshod HAKIMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA