Aholining har bir murojaati nazoratda
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida deputatning joylardagi o‘rganishlari aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, dolzarb muammolarga amaliy yechim topish va yoshlar uchun munosib sharoit yaratishga qaratildi.
Bugun odamlarning roziligi, ularning kundalik hayotidagi muammolarni eshitish va joyida hal etish davlat siyosatidagi eng muhim mezonlardan biriga aylanmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan ezgu tamoyil ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” tizimining yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarga o‘z mahallasi, ko‘chasi va hududidagi eng dolzarb muammolarni mustaqil ravishda ilgari surish, ularni hal etishda bevosita ishtirok etish imkonini berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mahsud Muhammedovning G‘ijduvon tumanidagi o‘rganishlari ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Deputat tuman hokimligi mas’ullari bilan hamkorlikda “Tashabbusli byudjet” jarayonida yetarli ovoz to‘play olmagan, ammo ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

Xususan, “Gulistonobod” mahallasida aholi tomonidan ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va mavjudlarini ta’mirlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus atroflicha ko‘rib chiqildi. Kechasi ko‘chalarning yoritilishi nafaqat aholiga qulaylik yaratishi, balki hudud xavfsizligi, ayniqsa, yoshlar va keksa fuqarolarning erkin harakatlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
“Qo‘rg‘on” mahallasida esa ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari va yo‘l o‘tkazgichlarni ta’mirlash bo‘yicha bildirilgan tashabbuslar o‘rganildi. Bu yerdagi holat aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilayotgani, ayrim infratuzilma muammolari esa tizimli yondashuvni talab qilishi tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida har bir loyihaning hudud uchun dolzarbligi, aholi turmushiga ta’siri, muammoning ko‘lami va uni hal etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Deputatning navbatdagi manzili G‘ijduvon tumanidagi 67-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi.
Bu yerda ta’lim muassasasidagi sport infratuzilmasining holati, o‘quvchi-yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar hamda mavjud ehtiyojlar o‘rganildi.

Maktab jamoasi bilan muloqotda yugurish yo‘lakchasi, zamonaviy stadion, basketbol maydonchasi va boshqa sport inshootlariga ehtiyoj borligi ma’lum qilindi.
Bir qarashda bu oddiy infratuzilma masalasidek tuyulishi mumkin. Ammo mazkur maktab tarixi bilan tanishilganda masalaning mohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
“Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi ikkinchi mavsumida mazkur tashabbus ham ilgari surilgan. Loyiha yetarli ovoz to‘play olmagani sababli g‘oliblar qatoriga kirmagan bo‘lsa-da, uning ijtimoiy ahamiyati va yoshlar uchun yaratadigan imkoniyatlari inobatga olinib, deputat tomonidan joyida o‘rganildi.
Muloqotda tuman hokimligi mas’ullari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari, mahalliy Kengash deputatlari, jamoatchilik vakillari hamda fuqarolar ishtirok etdi.
Uchrashuvda aholidan kelib tushayotgan murojaatlarning mazmuni, ularning qaysi sohalarga taalluqli ekani, muammolarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

E’tiborli jihati, muloqot shunchaki murojaatlarni eshitish bilan cheklanmadi. Har bir masala bo‘yicha mas’ullarni belgilash, muammolarni hal etish muddatlarini aniqlash va kelgusidagi ishlarni tizimli tashkil etishga alohida urg‘u berildi.
G‘ijduvondagi mazkur o‘rganishlar “Tashabbusli byudjet”ning mazmun-mohiyati faqat ovoz berish jarayoni bilan cheklanmasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Asosiy maqsad — aholi tomonidan bildirilgan takliflarni eshitish, ularning eng muhimlarini saralash va imkoniyat darajasida amaliy yechim topishdir.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularni belgilangan tartibda hal etish choralari ko‘riladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri