Aholi uchun yangi imkoniyat
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Mahallaqozi mahallasida istiqomat qiluvchi Dilorom Nasullayeva mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim Dilnoza Safarovaning o‘rganishlari sabab hayotida tub burilish yasadi. Dilorom opaning sog‘ligi ko‘rib chiqilib, unga 2-guruh nogironlik belgilandi. Shuningdek, unga nafaqa va bola uchun ham nafaqa tayinlandi. Bugungi kunda turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandni tarbiyalamoqda.
2024 yilgi sovuq qish mavsumi ham Dilorom opa oilasiga og‘ir sinov bo‘ldi. Gaz va elektr to‘lovlari har oyda ortib borayotgan bir paytda, u davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan energiya xarajatlari uchun kompensatsiya dasturiga kiritildi. Bu nafaqat moddiy yordam, balki unga ishonch, xotirjamlik, kelajakka umid olib keldi.

Prezidentimizning 2025 yil 2 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida kompensatsiya oluvchilarni ro‘yxatga olish ishlari boshlangan. Bu orqali yana ko‘plab Dilorom opaga o‘xshagan insonlar davlat himoyasiga olinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.