Aholi murojaatlari partiya nazoratida
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga!” umummilliy dasturi doirasida Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida sayyor qabul hamda aholi bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi Abu Ali ibn Sino nomidagi “Jamoat salomatligi” texnikumida partiya viloyat kengashi rahbarlari, xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, tuman hokimligi, mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda tumanning 30 dan ortiq mahallasidan kelgan fuqarolarning turli masala va muammolar yuzasidan 50 dan ortiq murojaatlar eshitildi.

Murojaatlarda asosan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim kontrakti to‘lovlari, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash hamda davolanish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.

Murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Masalan, tumanning Hayotbaxsh mahallasida yashovchi, oliy o‘quv yurti talabasi Xilola Sayfullayevaning kontrakt to‘lovini to‘lashda yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha unga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kontrakt to‘lov mablag‘ining 50 foizi qoplanishi uchun vaucher ajratildi.

– Tez-tez og‘rib turaman, davolanishga moddiy imkonim yo‘q. Shu bois, sayyor qabulda davolanish uchun order olishimga yordam ko‘rsatilishini iltimos qilib, murojaat qildim, – deydi Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi Marg‘ubaxon Qirg‘izova. – Mutasaddilarga katta rahmat, murojaatim ijobiy hal etildi, sayyor qabulning o‘zida order olishim uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.

Sayyor qabul davomida Teraktagi mahallasida yashovchi Xosiyatxon Abdullayevaga avval qilgan murojaati bo‘yicha nogironlik aravachasi topshirildi.
Shuningdek, o‘qish uchun kontrakt to‘lovining 50 foiz qismini to‘lab berish bo‘yicha 5 nafar talabaga vaucher topshirildi. Bundan tashqari, 2 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroga nogironlik aravachasi, 2 tasiga qo‘ltiqtayoq va bir nechta murojaatchiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
E’tiborlisi, 30 dan ziyod murojaat shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. O‘rganish va ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.
O‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar O‘zLiDePning “Xalq bilan birga!” umummilliy dasturi amalda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning turli muammolari ijobiy hal etilib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.