Aholi murojaatlari eshitildi
Fuqarolarni qiynayotgan muammolarga yechim topish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish va amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Oqoltin tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, Sirdaryo viloyati Fermerlar kengashi raisi Ro‘ziqul Primqulov, Oqoltin tumani hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Husniddin Suvonov hamda tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etishdi.
Sayyor qabul aholi bilan ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Fuqarolar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar bilan mas’ullarga bevosita murojaat qildi. Xususan, tibbiy xizmatlardan foydalanish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr energiyasi, ichimlik suvi va gaz ta’minoti, ijtimoiy ko‘mak olish bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi.

Tadbir davomida jami 156 ta murojaat qabul qilindi. Ularning har biri mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqilib, 68 tasiga shu joyning o‘zida yechim topildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha esa mas’ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Sayyor qabul chog‘ida aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislarni hududlarga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.

– Bunday sayyor qabullar aholi bilan davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, hududlardagi dolzarb muammolarni tezkor aniqlash hamda ularga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardu tashvishi mujassam. Bu esa mas’ullar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva. – O‘ylaymanki, bugungi ochiq muloqot ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Eng muhimi, murojaatlarni hal etish borasidagi ishlar bu bilan cheklanib qolmaydi, aksincha, izchil davom ettiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri