Aholi murojaatlari deputatlar e’tiborida bo‘ldi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari va fraksiya faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi. Jumladan, fraksiya a’zolarining hududlarda olib borgan o‘rganishlari yakunlari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan hafta davomida deputatlar o‘z saylov okruglarida, hududlarda bo‘lib, saylovchilar bilan samimiy muloqot qildi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Aholi qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlardan xabardor qilinib, bu boradagi yangi taklif-tashabbuslari o‘rganildi. Yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Qayd etilganidek, o‘rganishlar davomida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, tarixiy obidalarning bugungi holati, tarizm rivoji masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, maktablarda ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish maqsadida joriy qilingan “Tarbiya” fanining o‘qitilish jarayonlari bilan tanishildi.
Qayd etildiki, fraksiya a’zolari okruglardagi faoliyati davomida jami 318 ta ob’ektda bo‘ldi. Aholi ishtirokida 318 ta uchrashuv o‘tkazildi. 200 nafardan ortiq tadbirkor bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuv va muloqotlarda aholi vakillari tomonidan ko‘tarilgan bir qator muammo va masalalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Ayrim masalalar joyida hal qilingan bo‘lsa, ayrimlari yuzasidan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhokamalarda bu boradagi ishlarni yanada faollashtirish, aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish kun tartibidagi qator qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA