AHOLI: Dorixonalarda dori yoʻq...
Mutasaddi vakil esa bu pandemiya davrida tabiiy holat ekanini taʼkidlamoqda.
Mutasaddi vakil esa bu pandemiya davrida tabiiy holat ekanini taʼkidlamoqda.
Gap shundaki, pandemiya sabab dorixonalarda “Arbidol”, “Ergoferon” va shamollashda qoʻllaniladigan boshqa turdagi dorilarni topish tobora qiyin boʻlib bormoqda.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Ergoferon” preparatining Buxoro viloyatidagi dorixonalarda sotilishi yuzasidan oʻtkazgan oʻrganishlari natijasi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Unga koʻra, viloyatning Buxoro shahri va 11 tumanida ushbu dori vositasi mavjud emas. Oxirgi marta 10-iyul kuni Olot, Qorakoʻl, Qorovulbozor tumanlarida 44 ming soʻmdan 52 ming soʻmgacha sotilgan boʻlsa, 13-iyul kuni Kogon shahri dorixonalarida 48 ming soʻmga sotilgan. Gʻijduvon tumanida esa isteʼmolchilar 30-iyundan buyon mazkur dori vositasini topa olishmayapti. Viloyatning boshqa – Vobkent, Shofirkon, Romitan, Peshku singari tumanlari aholisi ham shu dori yoʻqligidan norozi.
Internet tarmogʻi orqali olingan maʼlumotga koʻra, Toshkent shahri Yunusobod tumani Usta Olim koʻchasi 53-a uyda joylashgan “Kamronbek Med Servis” dorixonasida “Arbidol” dori preparatining narxi 220 ming soʻm ekan. Shu yerda berilgan +99893 5451223 telefon raqamiga 15-iyul soat 17:39 da qoʻngʻiroq qilib, mazkur dori narxini soʻraganimizda “Arbidol” bir dona qolgani va narxi 380 ming soʻm ekanini aytishdi...
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbariga murojaat qilib, bu borada mutasaddilarning munosabatini soʻraganimizda, xususiy dorixonalar oʻzlari olib kelgan, roʻyxatdan oʻtgan dori vositalarni sotish huquqiga egaligi hamda aholi ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan dori vositalari ijtimoiy dorixonalarda sotilishi kerakligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, eksport-import qiyinlashgani sababli dorilar taʼminotida uzilish boʻlib turibdi. Pandemiya davrida bu tabiiy holat.
Darvoqe, matbuot xizmati rahbari agentlik tomonidan pandemiya davrida dori preparatlari taqchilligining oldini olishga qaratilgan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani kabi bir nechta savollarimizga shunchaki sukut saqlab qoʻya qoldi...