Aholi bandligi taʼminlanmoqda
Toshkent tumanida ham ayni karantin sharoitida aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari bandligini taʼminlash, bu orqali ularning doimiy daromad bilan taʼminlanishiga erishish va muhtoj oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent tumanida ham ayni karantin sharoitida aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, aprel-may oylarida tumanda 359 nafar ishsiz fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilib, ularga Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 269 million soʻm toʻlab berildi. Iyun oyi uchun esa 175 nafar ishsiz aholi jamoat ishlariga jalb etilib, ish haqi toʻlovi uchun 131 million soʻm mablagʻ toʻlab berish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, tumanda tashkil etilgan “IDEAL AGRO MILK” ishlab chiqarish kooperativida 27 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bandligi taʼminlandi. Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 60,2 million soʻm subsidiya ajratildi. 42 nafar ishsiz fuqaroga urugʻ, koʻchat va sugʻorish vositalari xarid qilishi uchun jami 78 million soʻmlik subsidiya mablagʻi ajratildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari N.Yoqubov tumanda boʻlib, aholi bandligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarni oʻrgandi.
Vazir oʻrinbosari bu borada hududda olib borilayotgan ishlar, mavjud vaziyat bilan tanishib, imkoniyatlardan yana-da samarali foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.