Aholi bandligi – doimiy nazoratda
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mehnatga layoqatli shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi choragida 141 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mehnatga layoqatli shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi choragida 141 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ulardan 88 mingdan ortig‘i yoki 62,6 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida xalq deputatlari hududiy Kengashlarining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari doimiy komissiyalari raislari ishtirokida “2015-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash” dasturi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Yo.Umarov, O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.Abduhakimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, bandlikning samarali shakllari rivojlantirilayotgani, mehnat bozorida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani aholini ijtimoiy muhofaza qilishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun, “2015-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash” dasturi hamda sohaga oid boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar va deputatlarning rolini yanada oshirishga e’tibor qaratildi.
Doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ijro qilishda davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini muntazam eshitib borish, ushbu masalalarni xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining sessiyalari muhokamasiga kiritish amaliyotini takomillashtirish borasida oldinda turgan dolzarb vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2014-yil 22-oktabrdagi “2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risida”gi qarorida nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish belgilangan edi. Toshkent viloyatida olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, dastur ijrosi 103 foizdan oshgan. Biroq, bu borada ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Joylarda mahalliy Kengash deputatlari va doimiy komissiyalarning deputatlik nazoratini amalga oshirish borasidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanilmagan.
Tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalarining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun va sohaga oid boshqa huquqiy-normativ hujjatlarni takomillashtirish, mavjud muammolar va yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.