Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasi o‘tkaziladi
Joriy yilning 10–17-oktabr kunlari qadimiy va navqiron Samarqand shahrida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli xalqaro ilmiy musobaqada Xitoy, Iordaniya, Qozog‘iston, Quvayt, Qirg‘iziston, Latviya, Malayziya, Mongoliya, Qatar, Ruminiya, Rossiya, Turkiya, Turkmaniston, Vetnam hamda O‘zbekiston davlatlaridan terma jamoalar ishtirok etadi.
Olimpiadaning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning fizika faniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda xalqaro miqyosda bilim va tajriba almashish uchun keng imkoniyat yaratishdan iborat.
Shuningdek, olimpiada faoliyati jarayoniga xorijiy davlatlardan yuqori malakali ekspertlar, yetuk olimlar va professorlar ham jalb etilgan. Ularning ishtirokida musobaqaning xalqaro talablar asosida tashkil etilishi, ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini xolis baholash hamda ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim va ilm-fan sohasidagi nufuzini yanada oshirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini namoyon etish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA