Ahillik - taraqqiyot garovi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi “Millatlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun 5-tanlovni e’lon qildi.
Tanlov ishtirokchilariga amaliy yordam berish maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi rahbariyati bilan hamkorlikda Milliy madaniy markazlar va Do‘stlik jamiyatlari vakillari uchun Zoom platformasi orqali “Millatlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida onlayn muloqot o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlarining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev O‘zbekistonda xukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlikni ta’minlashda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi. Bu boradagi vazifalar ijrosiga qo‘mita tomonidan ham samarali hissa qo‘shishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Hamkorlikda tashkil etilgan mazkur o‘quv mashqlari jamoat tashkilotlariga mamlakatimizda bu yo‘nalishda qabul qilingan qator qonun hujjatlaridan to‘g‘ri foydalanish imkonini yaratadi. Shu sababli seminar ishtirokchilari fursatdan foydalanib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishi mumkinligi ta’kidlandi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mutasaddilari tomonidan milliy madaniy markazlarga mo‘ljallangan davlat grantlari tanlovlarida qatnashish uchun loyihalar va dasturlarni tayyorlash bilan bog‘liq ishlar yuzasidan axborot berildi.
Seminar ishida qatnashgan milliy madaniy markazlar va Do‘stlik jamiyatlari raislari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.