“Agroxizmatlar markazi” tashkil etiladi
Bugungi kunda agrar soha rivojlangan yetakchi xorijiy davlatlarda fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) yoʻlga qoʻyilgan.
Bugungi kunda agrar soha rivojlangan yetakchi xorijiy davlatlarda fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) yoʻlga qoʻyilgan. Ular yangi innovatsion bilim va texnologiyalarni keng joriy etish bilan bir qatorda agroxizmatlar ham koʻrsatadi.
Ana shunda jahon tajribalarini inobatga olgan holda Oʻzbekistonda zamonaviy innovatsion “Agroxizmatlar markazi” faoliyati ilk bor Fargʻona viloyatida yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi.
Davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlarini toʻliq safarbar etish, qishloq xoʻjaligi sohasida agroxizmatlar koʻrsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha muhim koʻrsatmalar bergan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, mazkur hududiy markaz “yagona darcha tamoyili” asosida davlat-xususiy sherikchilik shartlarida 500 dan ortiq agrosanoat majmuiga oid xizmatlar koʻrsatadi. Shundan 40 dan ortiq yangi turdagi innovatsion texnologiyalar asosidagi qator xizmatlar, jumladan, geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari, xalqaro standartlar, “Organic”, “Global G.A.P” va “Halol” sertifikatlari joriy etiladi.
Shuningdek, markazda 15 ta agrar sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari, 30 dan ortiq mahalliy va xorijiy agrobiznes vakillari doimiy faoliyat olib boradi.
Xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan 5 turdagi zamonaviy laboratoriya , yaʼni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xavfsizligi, In-vitro koʻchatchiligi, tuproq, suv va fitosanitariya tahlil laboratorisi viloyatdagi 9 ming fermer xoʻjaliklari hamda 500 dan ortiq agrobiznes vakillariga xizmat koʻrsatadi.
Markazda zamonaviy bilim va tajribalarga ega boʻlgan 133 nafar xodim uchun yangi ish joylari yaratilgan. Shundan 40 nafar mutaxassis bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi davlatlarida (AQSH, Turkiya, Isroil, Gollandiya, Germaniya, Xitoy, Latviya davlatlari) malaka oshirib qaytdi. Qolgan mutaxassislar ham yil yakuniga qadar xalqaro qishloq xoʻjaligi markazlarida tajriba oʻtaydi.
Ushbu markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyishga Jahon bankining kredit loyihasi, Yevropa Ittifoqining grant koʻmaklari va xususiy investorlarning mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Keyingi bosqichlarda mazkur markazlar faoliyati respublikamizning boshqa barcha hududlari va tumanlarida yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.