“AgroWorld Uzbekistan 2026”: 19 mamlakatdan 162 ta kompaniya o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda
Bugun Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Agro sanoati - AgroWorld Uzbekistan 2026” 21-xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Avstriya, AQSH, Belarus, Belgiya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya kabi 19 mamlakatdan 162 ta kompaniya ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, “AgroWorld Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi nafaqat uskunalar va texnologiyalarni namoyish etish maydoni, balki ishlab chiqaruvchilar, texnologiya yetkazib beruvchilar, investorlar va agrosanoat korxonalari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish platformasi hisoblanadi. Bu yerda ishlab chiqarish va qayta ishlashdan tortib, saqlash va logistikagacha bo‘lgan barcha asosiy yo‘nalishlar qamrab olingan.
“Vetteria” kompaniyasi veterinar vrachi Odil Bobonorovning ma’lum qilishicha, ushbu mahalliy korxona 2012-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi.
[gallery-28366]
–“Vetteria” kompaniyasi bugungi kunda Markaziy Osiyodagi barcha turdagi qishloq xo‘jaligi hayvonlari va qushlari uchun ozuqa, ozuqa qo‘shimchalari, premikslar, vaksinalar va veterinariya mahsulotlarini yetkazib berish sohasida bozor yetakchisi hisoblanadi. Korxonaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash asnosida insonlar salomatligini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Kompaniya o‘z faoliyatida innovatsion texnologiyalar va ilg‘or veterinariya tajribalarini qo‘llab, ozuqa va veterinariya mahsulotlarini zamonaviy standartlarga muvofiq ishlab chiqaradi. “Vetteria” faqat mahsulot yetkazib berish bilan cheklanmay, fermer va ferma egalariga maslahat va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ham taqdim etadi, – dedi u.
“ALS Animal Health Rus” kompaniyasi bosh direktori Konstantin Popov ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish korxona faoliyati uchun katta imkoniyat ekanini qayd etdi.
– Kompaniya haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, u Hindistonda ro‘yxatdan o‘tgan. Bosh ofisi Mumbayda joylashgan. Har bir mamlakatda distribyutorlarimiz bor va ular orqali samarali faoliyat olib boramiz. Shuningdek, O‘zbekistonda ham vakolatxonamiz ochilgan. Korxona mahalliy bozorda Yevropa, Xitoy va Rossiya ishlab chiqaruvchilari bilan samarali raqobat qiladi va bu sohada o‘z o‘rnini mustahkamlashga erishgan. “ALS Animal Health Rus” veterinariya preparatlari ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi esa mahalliy fermerlar va hayvon parvarishlash sohasidagi bizneslar uchun sifatli va samarali veterinariya mahsulotlarini taqdim etish hamda ularning ishlab chiqarish natijadorligini oshirish, –dedi K.Popov.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma ertaga o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA