«Agrobank» rebrendingini e’lon qildi
Yurtimizning yirik tijorat banklaridan biri - “Agrobank” ATB o‘z rebrendingini e’lon qildi. Xususan, hozirda bankning 170 ta filial, 146 ta bank xizmatlari markazi, 498 ta 24/7 rejimidagi avtomatlashgan shoxbochasi faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi 5 yillikda mamlakatmiz moliya-bank tizimidagi o‘zgarishlar “Agrobank” faoliyatida ham yangi davrni boshlab berdi. Xususan, kapitallashuv bazasi keskin oshirildi, mahalliy va xorijiy resurslarni jalb qilish, iqtisodiyot tarmoqlarini faol kreditlash borasidagi imkoniyatlari kengaydi.
Respublika bank tizimini isloh qilish Strategiyasiga asosan “Agrobank” ATB faoliyati kichik va o‘rta biznesni, qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan kredit orqali qo‘llab-quvvatlash, hududlarda jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish va kichik tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda transformatsiya jarayonlarini tizimli amalga oshirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki hamda KPMG kompaniyalari bilan hamkorlik qilinib, bankni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqildi.
Ishlab chiqilgan strategiyadan kelib chiqib yetakchi marketologlar bilan hamkorlikda yangi brend joylashuvi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, “Agrobank” oddiy insonlar uchun oddiy bank sifatida o‘z marketing kommunikatsiyasini amalga oshiradi.
Rebreding doirasidagi mahsulotlar Rossiyaning “Artemiy Lebedev studiyasi” va mahalliy dizaynerlarning o‘zaro hamkorligi asosida ishlab chiqilgan. Jumladan, yangi logotip, naqsh (pattern) elmentlari, filiallarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish zali yangi ko‘rinishi, bank sayti, mobil ilova, qo‘shimcha elementlar, o‘ziga xos shrift yaratildi.

Qayd etish kerakki, yangi taqdim qilinayotgan yangi belgi va ko‘rinishlar o‘zining soddaligi bilan ajralib turadi va Agrobankning korporativ yashil rangida ishlangan. Tashqi transformatsiya xarajatlarini minimallashtirish uchun filiallarni yangilash uch bosqichda amalga oshiriladi va filiallarni rejalashtirilgan kosmetik ta’mirlash doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur rebrending marketing tahlillari va bankning uzoq yillik strategiyasi asosida amalga oshirilib, kerakli brend joylashuviga erishish va mijozlar ishonchini qozonish uchun xizmat qiladi.
Taqdimot doirasida bankning ikki yo‘nalishida, ya’ni davlat dasturlari ijrosi va biznes yo‘nalishida yaratilayotgan ekotizim elementlari namoyish qilindi.
Ularning har biri raqamlilashtirish, marketpleys yaratish va mijozlarga onlayn xizmat ko‘rsatish vositalarini ko‘paytirishga qaratilgan. Bank maxsulotlarining negizida esa mijozlar, ularning ehtiyojlari turadi.

Xususan, ekotizim tarkibidagi quyidagi yo‘nalishlar ko‘rsatiladi: Chakana.uz onlayn savdo maydoni. Bu yerda smartfonlar, kompyuterlar, ofis va maishiy texnikalarning keng assortimentini taklif etiladi va Agrobank mijozlari bir necha daqiqada mahsulotlarni kreditga olishlari mumkin;
“Fermerlar maktabi” – chorvachilik va parrandachilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik, moliya va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni beruvchi o‘quv loyihasi;
“Agrobooks” – qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘quv qo‘llanmalar jamlanmasi;
“Smart-ofis” – mijozlarga avtomatlashtirilgan o‘z – o‘ziga xizmat ko‘rsatish markazi;
“AgroZamin” - qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xizmatlarini sotib olish va sotish platformasi;
“Agro Finance Leasing” - yuridik shaxslar uchun lizing xizmatlarini ko‘rsatish;
“Leader Finance” brokerlik kompaniyasi bo‘lib, u qimmatli qog‘ozlar bozorida barcha turdagi xizmatlarni taqdim etadi;
“AgroLab” – o‘simliklarni himoya qilish biolaboratoriyasi.
O‘zA
Reklama huquqiy asosida