Agrar soha: samaradorlik sari izlanishlar
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, O‘zbekiston Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida bo‘lib, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, g‘alla o‘rim-yig‘imi yakunlari hamda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish ishlari bilan tanishdi.
Dastlab tumandagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari faoliyati o‘rganildi. Xususan, “Jayxun” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Tursunboyeva Umida” hamda “Xaytimbetov Sulton” fermer xo‘jaliklari dalalarida g‘o‘za parvarishi, sug‘orish ishlari, agrotexnik tadbirlarning borishi, yer unumdorligini oshirishga qaratilgan choralar hamda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish jarayonlari atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Fermerlar bilan o‘tkazilgan muloqotda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fermer va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, suv va yer resurslaridan samarali hamda tejamkorlik bilan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tumandagi “Amirhon” fermer xo‘jaligida fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi R.Mamutov, Qonunchilik palatasi deputati A.Ismailov, Amudaryo tumani hokimi S.Xojametov hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zLiDeP iqtisodiy islohotlarning asosiy tayanchi bo‘lgan fermer va mulkdorlar manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifalaridan deb biladi. Shu bois partiya tomonidan agrar sohada qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini joylarda o‘rganish, fermerlarning fikr va takliflarini eshitish hamda ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Uchrashuv davomida mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, har bir qarich yerdan samarali foydalanish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekish hamda yuqori hosildorlikka erishish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imini muvaffaqiyatli yakunlagan fermerlarning mehnati yuksak baholanib, ular mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi.
Muloqotda aholini sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini kengaytirish, yerdan yil davomida unumli foydalanish hamda agrar sohadagi islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri