AGMK yangi tarix yaratmoqda
Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslarining ikkinchi bosqichida musobaqa debyutanti AGMK jamoasi ham oʻz muxlislariga quvonch ulashdi.
Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslarining ikkinchi bosqichida musobaqa debyutanti AGMK jamoasi ham oʻz muxlislariga quvonch ulashdi.
Olmaliqlik futbolchilar oʻz maydonida Tojikistonning “Istiqlol” jamoasidan 4-2 hisobida ustun kelishdi. Xolbuki, oʻyin davomida Mirjalol Qosimov shogirdlari ikki bor (0:1, 1:2) hisobda orqada qolishayotgandi. Lekin, “oʻz uyingda devorlar ham suyaydi”, deganidek mahalliy muxlislarning daldasi AGMK futbolchilariga kuch bagʻishladi va ular qiyin, ammo juda muhim gʻalabaga erishdi.
Oʻyin kutilmaganda mehmonlarning shiddatli hujumlari ostida boshlandi va ular ilk urinishda AGMK darvozasini ishgʻol qilishga muvaffaq boʻldi. Jarima maydoni ichida yuzaga kelgan palapartishlikdan “Istiqlol” aʼzosi Muhammadjon Rahimov unumli foydalandi. Bunga mezbonlar faqat 25-daqiqaga kelib javob qaytardi.
Jamoa sardori Jasur Hasanov burchakdan oʻyinga kiritgan toʻpni Dilshod Joʻrayev boshi bilan darvozaga joylab qoʻydi va AGMKning tarixiy goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi boʻlim yana mehmonlarning hujumlari bilan boshlandi hamda 62-daqiqaga kelib tojikistonliklar safidagi hamyurtimiz Jalil Kimsanov mehmonlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo, shu kuni oʻzining ikkinchi yoshligini boshdan kechirayotgan Jasur Hasanovni toʻxtatib qolishning imkoni yoʻq edi. U 72-daqiqada Sanʼat Shixov, 78-daqiqada Jasur Hakimov va nihoyat 82-daqiqada Zafar Polvonovlar tomonidan kiritilgan gollarga assistentlik qildi. Yakuniy hisob – 4:2, AGMK ham keyingi bosqichda.