Afruza Hamdamova Samarqandda tantanali kutib olindi
Italiyada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioniga aylangan samarqandlik 14 yoshli Afruza Hamdamova Samarqandda tantanali kutib olindi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Afruza va uning oila a’zolarini jahon chempionatidagi tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi. Ularga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.



– G‘alaba nafaqat meniki, balki oila a’zolarim va xalqimizniki ham, – dedi shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova. – Bu juda qiyin g‘alaba bo‘ldi. Raqiblarimning barchasi tajribali shaxmatchilar edi. Buning ustiga viza sababli musobaqaga kechikib bordim va birinchi turni ochkosiz o‘tkazib yubordim. Raqiblarimga qarshi bir necha yildan buyon o‘ynab kelganim sababli, ularning o‘yinini yaxshi bilardim va yakunda g‘alabaga erishdim. Maqsadim - xalqaro musobaqalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish, ayollar o‘rtasida eng yosh grossmeyster bo‘lish.


Afruza Hamdamova to‘rt yoshidan shaxmat bilan shug‘ullanib keladi. Hozirgi vaqtda Samarqand shahridagi 42-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. WFM – Xotin-qizlar o‘rtasida FIDE sport ustaci.


– To‘rt nafar farzandimiz bor, Afruza oilada ikkinchisi, – deydi Shabnam Ismatova. – Qizim yoshligidan rasm chizish va kitob o‘qishga qiziqardi. Otasi Akbar Hakimov shaxmatchi bo‘lganligi uchun u ham shaxmatni tanladi. Afruzaning shaxmatga qiziqishi va mahorati oshgach, shaxmat murabbiyi Shaxob Hamroqulovga biriktirdik. Qizimiz u kishining qo‘l ostida viloyat birinchiligi, O‘zbekiston chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik otasining o‘zi Afruzaga ustozlikni davom ettirdi va musobaqalarda doim yonida. Afruza bizga “Sizlarning mehnatlaringiz orqali meni butun dunyo taniydi. Ishonchingizni oqlayman va buning uchun tinmay harakat qilaman” der edi. Faoliyati davomida bolalar va o‘smirlar, maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘z yosh toifasida 17 karra O‘zbekiston, 15 karra Osiyo, 5 karra jahon chempioni hamda xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Ota-ona uchun farzandining yutug‘ini ko‘rishdek baxt bo‘lmasa kerak. Qizim bilan faxrlanamiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari