Afg‘onistonga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari yetkazib berildi
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari yetkazib berildi.
Jumladan, ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 20 tonna chigit, 20 tonna sholi, 500 kilogramm sabzavot, poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari topshirildi.

Mazkur amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlik bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda.
Bu esa qo‘shnichilik tamoyillari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarning amaliy ifodasi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA