Afg‘onistonda diniy maktabda portlash sodir etildi
Xost viloyatida diniy maktabda sodir etilgan portlash oqibatida qurbonlar soni yetti kishiga yetgan, 15 dan ziyod kishi jarohat olgan, deb ma’lum qildi xavfsizlik organi vakillari RIA Novostiga.
Bundan avvalroq bir kishi halok bo‘lgani va 17 kishi jarohat olgani haqida aytilgan edi.
Afg‘onistonning vaqtli hukumati ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, diniy maktabda qo‘l granatasi portlatilgan.
Bundan bir necha kun avval Kobuldagi Idgoh masjidida ham portlash uyushtirilgan edi. Tolibon harakatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu terrorchilik 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, yana 32 kishi jarohat olgan.
Afg‘oniston vaqtli hukumatining ichki ishlar vazirligi vakilining aytishicha, o‘shanda portlashdan keyin uch kishi qo‘lga olingan.
Portlash uchun javobgarlikni Islom davlati guruhi terrorchilari o‘z zimmasiga olgan.