Afg‘oniston va O‘zbekiston 514,8 million dollarlik shartnoma imzoladi
Afg‘oniston va O‘zbekiston ishbilarmonlari umumiy qiymati 514,8 million dollarga teng bir qator o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi, deya xabar bergan ushbu qardosh davlat Sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga tayanib “Sinxua” axborot agentligi.
– Bitimlar vazir Nuruddin Aziziy hamda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazaqov ishtirokida Kobul shahrida bo‘lib o‘tgan biznes anjumani doirasida imzolandi, – deyilgan xabarda. – O‘zaro munosabat jadal rivojlanmoqda. Fevral oyida ikki mamlakat kompaniyalari Kobulda imzolagan jami 300 million dollar qiymatga ega 25 hujjat hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, amaldagi Afg‘oniston hukumati xalqaro hamjamiyat, xususan mintaqa davlatlari bilan diplomatik, savdo, tranzit va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
G.Sattorova, O‘zA