Afg‘oniston farmatsevtika bozori O‘zbekiston uchun qay darajada muhim?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar, ayniqsa, Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu jarayonda farmatsevtika kabi yuqori texnologik sohada ham aniq natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Qobul shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forum va qator uchrashuvlar bu boradagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bu borada quyidagilarni gapirib berdi:
— Qobul shahridagi o‘tgan biznes-forum ikki davlat farmatsevtika bozori ishtirokchilari uchun ochiq muloqot maydonini yaratdi. Forumda mamlakatimizdan 25 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, Afg‘onistondan esa 200 ga yaqin yirik distribyutor kompaniyalar ishtirok etdi. Bu raqamlarning o‘ziyoq qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yishga erishdik.
Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy, shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri Mavlavi Nur Jalol hamda Dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati bilan muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining Afg‘oniston bozoriga kirishidagi mavjud texnik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratildi. Xususan, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining uzoq davom etayotgani asosiy muammolardan biri edi.
Bu bo‘yicha bir qator aniq va amaliy takliflarni berdik. Birinchi navbatda, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini soddalashtirish va tezlashtirish muhim. Bu nafaqat eksport hajmini oshiradi, balki afg‘on iste’molchilariga sifatli dori vositalarini tezroq yetkazib berish imkonini yaratadi.
Shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalarining Afg‘onistondagi davlat tenderlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minlash masalasi ham ko‘tarildi. Bu eksport salohiyatini keskin oshirishga xizmat qiladi.
Albatta, biz hamkorlikni faqat savdo bilan cheklab qo‘ymoqchi emasmiz. Asosiy maqsad — uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasini shakllantirish.
Biz afg‘onistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, dori vositalari va tibbiy mahsulotlar sifatini baholash tizimini takomillashtirishda ko‘maklashishga tayyormiz. Bu esa o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Shu maqsadda qo‘shma texnik ishchi guruh tuzishga kelishib oldik. Ushbu guruh standartlarni muvofiqlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston farmatsevtika bozori hajmi taxminan 1 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu juda katta va istiqbolli bozor.
Eng muhimi, O‘zbekiston bu bozorda faqat mahsulot yetkazib beruvchi emas, balki ishonchli ishlab chiqarish hamkoriga aylanishi mumkin. Shu bois, biz ishlab chiqarish kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Biz oldimizga aniq va ambitsiyali maqsad qo‘yganmiz — ikki tomonlama farmatsevtika savdosini 500 million AQSH dollariga yetkazish.
Buning uchun qo‘shma operativ ishchi guruh tashkil etish, Afg‘onistonda GDP (Good Distribution Practice) standartlarini joriy etish va yirik distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Forum amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi va 10 dan ziyod hujjatlar imzolandi.
Bu hujjatlar kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam huquqiy va amaliy asos yaratadi.
Eng asosiy natija — barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlik tizimini shakllantirish. Yirik afg‘on distribyutorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishi yetkazib berish zanjirini qisqartirib, dori vositalari narxini arzonlashtiradi.
Bu esa, o‘z navbatida, aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Qobulda o‘tkazilgan biznes-forum va olib borilgan muzokaralar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu jarayon nafaqat savdo hajmini oshirish, balki butun mintaqada farmatsevtika ta’minoti barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA