Afg‘on urushi faxriylari sharaflandi
Afg‘onistondan sobiq ittifoq harbiy qo‘shinlarining olib chiqilganligining 33 yilligi munosabati bilan Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida tantanali tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekistondan afg‘on urushida 64 ming 500 askar ishtirok etib, ulardan 1 ming 522 nafari halok bo‘lgan. Birgina Andijon viloyatidan Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda 5 ming 300 nafar yigit qatnashgan. Ular janglarda mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatib, aksariyati turli medal va ordenlar bilan taqdirlangan. Janglardan 673 nafar yigit nogiron bo‘lib qaytgan bo‘lsa, 152 nafariga ona yurtga tirik qaytish nasib etmagan.

Xalqimiz ana shu mard va jasur o‘g‘lonlari xotirasini aslo unutmaydi. Andijon tumanida bo‘lib o‘tgan «Xalqimizning mard va jasur o‘g‘lonlari» deb nomlangan tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi Xotira maydoniga gulchambarlar qo‘ydi. Tadbirda veteran jangchi-faxriylarga, nogironlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Baliqchi tumanida tarixiy sanaga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirga tumandagi baynalmilalchi jangchilar taklif etildi. Tadbirda tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov ishtirok etib, ularni muborakbod etdi.
O‘tkazilgan barcha tadbirlarda bayram dasturxoni yozildi, badiiy dastur namoyish etilib, baynalmilalchi jangchilarga sovg‘a-salomlar ulashildi.


F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA