Afg‘on stol tennisi ustalari Toshkentda
Mamlakatmizdagi mavjud yirik sport inshootlari xalqaro rasmiy musobaqalarga mezbonlik qilayotganligi bor gap.
Bunda yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli hatto ko‘plab xorij davlatlari sportning bir necha turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ham yurtimizda tashkil etish istagida bo‘layotganligi ham haqiqat. Afg‘on stol tennisi ustalarining aynan shu maqsadda biz tomonga tashrif buyurgani so‘zimizning isboti.
Ayni kunlarda poytaxtimizdagi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bazasida Afg‘oniston stol tennisi terma jamoasi a’zolari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. 12 kun davom etadigan mazkur yig‘inda har ikki terma jamoa vakillari jismoniy holatni yaxshilovchi, texnik va taktik mashg‘ulotlar olib borishmoqda.

Ta’kidlash joiz, ushbu yig‘in ikki terma jamoa uchun kelasi yil Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beradigan litsenzion musobaqaga tayyorgarlikning asosiy bosqichlaridan biridir.