“Afg‘on shamoli”ni to‘sadigan “yashil belbog‘”ga chang solmoqchi bo‘lgan shaxs jazolandi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori janubdagi vohaning “afg‘on shamoli” nomi bilan tanilgan kuchli chang bo‘ronlari va qum barxanlari hosil qilishning ta’sirini kamaytirib, tevarak-atrof musaffoligi va aholi salomatligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Inson manfaatini ulug‘lab, “afg‘on shamoli“ ta’siridan aziyat chekayotganlarga munosib sharoit yaratishga yo‘naltirilgan qaror ijrosini ta’minlash, shamol tezligini kamaytirib, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun viloyatning Angor, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Qiziriq, Termiz tumanlari va Termiz shahrida ihota daraxtzorlari barpo etilmoqda. Jumladan, Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydoniga 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yer maydoniga 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasidagi 82 gektar yer maydonida 218 ming tup daraxt ko‘chatlari ekilib, undirib olindi. Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup “eldor”, “qarag‘ay” ko‘chatlari ekildi.
Shamol tezligini kamaytirish va tuproqni ko‘chishdan saqlash uchun yaratilayotgan maxsus himoya ihota daraxtzorlarida monitoring tizimi kuchaytirilib, ekologik o‘zgarishlarni baholashda davlat kosmik monitoringi ma’lumotlaridan foydalanish, eroziyaga qarshi kurashish uchun yerlarni qayta ishlashning zamonaviy va tejamkor agrotexnik usullarini joriy etish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Ko‘chatlarni obi-hayot bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan hududlarda artezian quduqlar qazilib, tomchilatib sug‘orish joriy etilmoqda.

Biroq, yirik mablag‘, betinim mehnat evaziga yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida yaratilayotgan “yashil belbog‘”larga zarar yetkazishga urinayotgan shaxslar borligini qanday izohlash mumkin? Masalan, M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘lining Angor tumani hududidan o‘tuvchi qismida bo‘y ko‘rsatib turgan yashil ko‘chatlar Tallashqon mahallasida yashovchi Xotamtoy Karimov (ism-sharif o‘zgartirildi) e’tiborini tortib qoldi. Viloyatdagi tashkilot va muassasalar shu yil bahor faslida ekib, yozning chillasida ham mehr bilan parvarish qilgan yashil boyliklar atrofida chorva mollarini boqishga olib chiqdi. Natijada yo‘l bo‘yidagi ko‘chatlarga shikast yetdi.

Tabiat jonkuyarlarining sa’y-harakatlari bilan bu huquqbuzarlik tezda aniqlanib, o‘zboshimcha chorvadorga tegishli chora ko‘rildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan 11 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi. Hotamtoy Karimovga qo‘llanilgan bu jazo endilikda uning mahalladoshlariga ham saboq bo‘lsa ajab emas.
Vohada olimlarning ilmiy xulosasi bilan “afg‘on shamoli”ni to‘sish uchun hududlarning aniq reja va maqsad asosida ko‘kalamzorlashtirilayotgani kelajakda iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon” vazifasini o‘taydi. Sodda qilib aytganda, shamol tezligini to‘sib, aholini chang bo‘ronlaridan himoya qiladi. Tuproqni ko‘chishdan saqlab, shamol eroziyasining oldini oladi. Bunday ezgu g‘oyaning ahamiyatini “yashil belbog‘”lar barpo etilayotgan hududdagi mahallalar aholisi ham to‘g‘ri his etib, ihota daraxtzorlariga shikast yetkazish emas balki, yashil maydonlarni yanada kengaytirish va parvarishlashga o‘z hissasini qo‘shsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri