Afg‘on fuqarolari Termizda kasb o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida olti oylik o‘quv kursini tugatgan 91 nafar bitiruvchiga davlat ta’lim standartlari asosidagi sertifikatlar topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Kichkilov, markaz rahbari O. Ro‘ziyev, Tashqi ishlar vazirligi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i F.Ramazonov, Afg‘onistonning Termiz shahridagi konsulligi vakili A. Rahmoniy, Yevropa Ittifoqining loyiha koordinatori K. Yusupov va boshqalar mamlakatimizda afg‘on fuqarolarining ta’lim olib, kasb egallashi uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘z yuritdi.


Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida yaratilgan sharoitlar va ayni paytda bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
BMTning Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur loyiha doirasida ajratilgan 2 million yevro miqdoridagi mablag‘ evaziga 2022-2025 yillarda 600 nafar afg‘on fuqarosini professional ta’lim va qisqa muddatli kurslarda o‘qitish rejalashtirilgan. Shunga asosan 2022-2023 o‘quv yilida 200 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘qishga qabul qilinib, ularga davlat ta’lim standartlari asosidagi diplom va sertifikat topshirildi. Shuningdek, ta’lim markazining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi.


Loyiha tashabbuskorlari 2023-2025 o‘quv yillariga mo‘ljallangan olti oylik qisqa muddatli kurslar uchun 1 million yevro miqdorida mablag‘ ajratdi. Bu mablag‘ evaziga 2023-2024 o‘quv yilida 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi kompyuter grafikasi va dizayn operatori, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari, tikuvchilik va payvandlash yo‘nalishlariga qabul qilinib, kasb sirlari chuqur o‘rgatildi.
Tadbirda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgan 91 nafar tinglovchi davlat ta’lim standartlari asosidagi sertifikatni qabul qilib oldi. O‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan bir guruh tinglovchilar ta’lim markazining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Ular endilikda Surxondaryo viloyatida o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yadi yoki egallagan kasblari bo‘yicha viloyatdagi tadbirkorlik sub’ektlarida mehnat qiladi.


– Zamonaviy markazda tikuvchilik kursida tahsil olib, bu kasb sirlarini mukammal o‘rgandim, – deydi Termiz shahrida yashaydigan Afg‘oniston fuqarosi Azimiy Maxnoz. – Endi o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yib, tikuvchilik bilan shug‘ullanaman. Bolalar va ayollarning kiyim-kechagi va boshqa tikuvchilik buyumlariga yaxshi talab bor. Markazda olgan bilim hamda ko‘nikmalarim men tayyorlaydigan kiyim-kechaklar xaridorlarga yanada manzur bo‘lishiga yaqindan ko‘maklashadi. Bizga yaratilgan bunday imkoniyatdan behad mamnunmiz.
Loyihaga muvofiq, markazda 350 ga yaqin afg‘on fuqarosi qisqa muddatli kurslarda o‘qib, o‘zlari tanlagan kasb sirlarini mukammal o‘rgandi. Yaqin kunlarda o‘quv kursini tugatadigan 50 ga yaqin tinglovchi maxsus sertifikatga ega bo‘ladi. Shu kunlarda yangi o‘quv yili uchun 150 nafar tinglovchini qabul qilishga hozirlik ko‘rilmoqda.
Tadbir yakunida so‘zga chiqqan tinglovchilar ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri