Advokatura faoliyati isloh qilinadi
Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakat rivojining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan sud-huquq sohasidagi keyingi o‘zgarishlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Murojaatnomada advokatura institutini yanada rivojlantirishga doir bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalo, davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni «elektron tanlash» tizimini to‘liq ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi. Endilikda odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar taqdim etiladi. Sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi.
Bu tashabbuslar bir qator jihatlari bilan sud-huquq tizimida adolatni ta’minlash, sud protsessida tomonlarning teng huquqliligiga kafolat bo‘lish, advokatlar va ularning mijozlari huquq va erkinliklari izchil yuzaga chiqarilishi uchun tamal toshi vazifasini o‘taydi. Sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida tomonlarning tortishuvi prinsipining lozim darajada ishlashini tashkil etishga yordam beradi.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentning 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ammo, advokatura institutini yanada rivojlantirish uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirish lozim.

Ma’lumki, hozirda respublika bo‘yicha qariyb 4 200 dan ortiq advokat faoliyat yuritib kelmoqda. Statistikaga ko‘ra, taqriban har 8 500 nafar shaxsga bitta advokat to‘g‘ri kelmoqda. Qozog‘istonda 3 900 fuqaroga bitta advokat to‘g‘ri keladi. Bu, O‘zbekistonda aholi soniga nisbatan advokatlar soni ikki baravarga kam ekanligini anglatadi. Germaniyada esa o‘rtacha 500 nafar fuqaroga 1 ta advokat to‘g‘ri keladi. Bu bizga nisbatan 10 baravarga ko‘p degani. Hozirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan advokatlarning 60 foizi 50 yoshdan oshgan, 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar soni esa atigi 40 nafarni tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident tomonidan ilgari surilgan bu tashabbuslar advokatura institutining obro‘sini ko‘tarish, unga yosh kadrlarni jalb etish, aholi o‘rtasida advokatlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, fuqarolarimizning joylarda sifatli huquqiy yordam olishlariga xizmat qiladi, turli sarsongarchiliklarga barham beradi.
Nilufar DONIYORXO‘JAEVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA