Adolatning eng yuksak shakli – insonning adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonchi
Prezidentimizning 2026-yil 14-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi mamlakatda odil sudlovning falsafasini o‘zgartirayotgan kompleks dastur sifatida baholanmoqda.
Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Strategiyaning eng muhim jihatlaridan biri – sud tizimi samaradorligini faqat statistik ko‘rsatkichlar bilan emas, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchi bilan baholashga intilish.
Strategiyada 2030-yilga qadar sud tizimiga ishonch bildiruvchi aholi ulushini 80 foizga yetkazish belgilangan.
Birgina shu raqam islohotning mohiyatini anglatadi. Chunki sudning kuch-qudrati faqat davlat majburlovi bilan emas, avvalo, uning xolisligi va adolatliligiga bo‘lgan ijtimoiy ishonch bilan belgilanadi.
Shu bois, sud qarorining asoslantirilgani, uning ochiqligi va tushunarliligi ham adolatning tarkibiy qismiga aylanishi kerak.
– Xalqchil sud g‘oyasi mohiyatida nimalar nazarda tutilgan?
– Xalqchil sud – shior emas, fuqaroga qulay xizmat. Strategiyada bu g‘oya alohida ustun sifatida belgilangan. Bu, eng avvalo, sudni fuqaro uchun tushunarsiz va murakkab institutsional makondan foydalanish qulay bo‘lgan huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimiga aylantirishni anglatadi.
Shu maqsadda sud binolarida “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini tashkil etish, fuqarolarga raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy yordam berish, my.sud.uz portalining mobil imkoniyatlarini takomillashtirish, sudga murojaat namunalarini soddalashtirish kabi choralar belgilandi.
Bu ishlar arzimasdek ko‘rinishi mumkin, ammo fuqaro uchun juda katta ahamiyatga ega o‘zgarish. Chunki huquqiy davlatda “sudga murojaat qilish huquqi bor” degan qoida yetarli emas. Fuqaro bu huquqdan amalda foydalana olishi kerak.
– Tashqi ta’sir va aralashuvlardan xoli sud hokimiyati qanday bo‘lishi kerak?
– Strategiyaning ikkinchi ustuni – “adolat qo‘rg‘oni” bo‘lib, u inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydigan, tashqi ta’sir va aralashuvlardan xoli sud hokimiyatini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Bu yerda e’tiborga molik jihat – sudlar mustaqilligining faqat deklarativ prinsip sifatida emas, tashkiliy mexanizmlar orqali ta’minlanishi hisoblanadi. Jumladan, Strategiya sudyalarni odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish, sud ma’murchiligi (Court Administration) institutini joriy etish, sud apparatining tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik va axborot-tahliliy ta’minotini alohida tizimga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Bu juda muhim yondashuv bo‘lib, sudyaning vaqti va e’tibori qanchalik kamroq ma’muriy ishlarga sarflansa, u shunchalik ko‘proq huquqiy masalani chuqur o‘rganishga imkoniyat topadi.
Strategiyadagi uzluksiz kadrlar tayyorlash, sudyalikka nomzodlar va sudyalar uchun kasbiy kompetensiyalar profilini joriy etish ham ana shu umumiy tendensiya – sudya mustaqilligi professionallik bilan ta’minlanishi tamoyiliga uyg‘un.
– Sud qarorining sifati qanday omillar bilan o‘lchanadi?
– Strategiyaning uchinchi ustuni – “kafolatlangan adolat”, ya’ni sud qarorining qonuniyligi bilan bir qatorda uning adolatliligi, asoslantirilganligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda bir nechta yangi mexanizmlar bir-birini to‘ldiradi. Birinchidan, jinoyat ishlarini ko‘rishda xalq vakillari hay’ati – “jury” instituti joriy etiladi. Bu, ayniqsa, o‘ta og‘ir toifadagi ishlar bo‘yicha jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.
Ikkinchidan, shaxsni ushlash, qamoqqa olish va uy qamog‘i kabi protsessual majburlov choralari ustidan sud nazorati kuchaytiriladi. 2027-yil 1-iyuldan tergov sudyalariga “asosli gumon” – Prima Facie xalqaro standarti asosida tegishli holatlarni tekshirish vakolatlari beriladi.
Bu yerdagi asosiy falsafa oddiy: davlat organlarining tekshiruv vakolatlari qanchalik kuchli bo‘lsa, sud nazorati ham shunchalik real bo‘lishi kerak.
Uchinchidan, sud qarorlarining ijrosiga e’tibor kuchaytiriladi. Zero, ijro etilmaydigan sud qarori fuqaro uchun qog‘ozda qolgan adolatdan boshqa narsa emas.
– “Pretsedentlar” reyestri haqida qanday fikrdasiz?
– Strategiyadagi eng muhim institutsional yangiliklardan biri – 2027-yil 1-avgustdan Oliy sud rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilish va muntazam yangilab borishga asoslangan “Pretsedentlar” reyestri joriy etiladi.
Bu institutni anglo-sakson huquqidagi klassik sud pretsedenti bilan aynanlashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shu bilan birga, uning amaliy ahamiyati juda katta: bir xil huquqiy munosabatga bir xil huquqiy yondashuvni ta’minlash.
Strategiyada hatto muayyan toifadagi ishlar bo‘yicha Oliy sud rayosatining yakuniy huquqiy pozitsiyalari sonini kamida 15 taga yetkazish maqsadi belgilangan.
Bu tadbirning amaliy samarasi shundaki, qonunni qo‘llashdagi tafovutlar kamayadi, advokat va tadbirkorlar uchun huquqiy prognoz qilish imkoniyati oshadi.
Mamlakatimizda “Pretsedentlar reyestri” va 2030-yilgacha O‘zbekistonda odil sudlov sifati indeksini joriy etish tashabbusi sud amaliyotini ma’lum ma’noda “o‘lchanadigan” tizimga aylantiradi.
– Sudga borishdan oldin nizoni hal qilish – zamonaviy odil sudlovning o‘ziga xos belgisimi?
– Strategiyaning e’tiborli jihatlaridan biri – sudlar ishini faqat sudda ko‘riladigan ishlar soni bilan baholamaslik.
Mediatsiyani kengaytirish, ayrim iqtisodiy nizolarni sudgacha hal qilish va ma’muriy nizolar bo‘yicha ad’yudikatsiya mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
2030-yilgacha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlarda mediatsiya orqali hal qilinadigan ishlar ulushini 30 foizga, sudgacha hal qilinadigan nizolar ulushini 20 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Chunki sud har qanday nizoni hal qilishning eng yaxshi mexanizmi bo‘lmasligi mumkin. Ayniqsa oilaviy, sheriklik, tijorat, shartnomaviy, intellektual mulk va ayrim ma’muriy nizolarda tomonlarning munosabatini saqlab qolishi, ba’zan sud qaroridan ham muhimroq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda mediatsiyani kengaytirish sudlar ish yuklamasini kamaytirish bilan birga, nizolarni madaniy va konstruktiv hal qilish huquqiy madaniyatini ham shakllantiradi.
– Sudyalar korpusini shakllantirish bo‘yicha qanday maqsadlar ko‘zda tutilgan?
– Har qanday zamonaviy texnologiya yoki yangi sud tuzilmasi oxir-oqibatda inson omiliga borib taqaladi. Strategiyaning to‘rtinchi ustuni “adolat posbonlari” shu sabablarga ko‘ra alohida ahamiyatga ega.
Unda sudyalar uchun uzluksiz kasbiy tayyorgarlikning Pipeline modelini joriy etish, sudyalikka nomzodlar va sud apparati xodimlarining kasbiy kompetensiyalar profilini shakllantirish, case-based learning va problem-based learning usullarini ta’lim jarayoniga kiritish nazarda tutilgan.
E’tiborlisi, Strategiya sudyani faqat huquqni biladigan mutaxassis sifatida emas, balki murakkab qaror qabul qila oladigan, raqamli texnologiyalardan foydalanadigan, korrupsiya xavflarini anglaydigan va stressga chidamli professional sifatida ko‘radi.
2030-yilgacha sudyalar ish yuklamasini kamida 40 foizga kamaytirish maqsadi ham belgilangan. Bu yerda paradoksal, ammo juda to‘g‘ri yondashuv bor: sudyani ko‘proq ishlatish orqali emas, uning asosiy ishiga ko‘proq vaqt berish orqali sud samaradorligini oshirish nazarda tutilgan.
– Sun’iy intellekt sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha vakolatiga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
– Raqamli odil sudlov ustuni – sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozdan voz kechish, elektron hujjat aylanishi, sud majlislarini audioga yozib borish va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishni qamrab oladi.
Strategiyada 2027-yil yakuniga qadar ma’muriy va iqtisodiy sudlarda, 2028-yil yakuniga qadar jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda sud majlislarini audioga yozib borishga bosqichma-bosqich o‘tish belgilangan. Shuningdek, elektron xabarnomalarni to‘liq joriy etish va elektron murojaatlar ulushini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Strategiyada eng muhim chegara aniq belgilangan: sun’iy intellekt sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha vakolatini egallamaydi; texnologiya xavfsiz, mas’uliyatli va maqsadli qo‘llanishi kerak.
Bu prinsipni saqlash juda muhim. Chunki algoritm qaror qabul qilish jarayoniga yordam berishi mumkin, ammo inson taqdiri uchun huquqiy mas’uliyatni algoritm zimmasiga yuklab bo‘lmaydi.
– Sud va sudyalar hamjamiyatining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi qanday natija beradi?
– Strategiyaning oltinchi ustuni – xalqaro e’tirofdir. Bu borada 2030-yilgacha kamida 6 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda sud topshiriqlarini bajarish va sud qarorlarining tan olinishi va ijrosi bo‘yicha kamida 10 ta davlat bilan xalqaro shartnomalar tuzish maqsadi belgilangan.
Bundan tashqari, Gaaga konvensiyalari, BMTning xalqaro oldi-sotdi shartnomalariga oid hujjatlari kabi xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish nazarda tutilgan. Bu, ayniqsa, investitsiya va transchegaraviy biznes nizolari uchun muhim.
Xalqaro biznes uchun mamlakatdagi sud tizimining sifati – investitsiyaviy muhitning bir qismi. Yevropa Ittifoqining Justice Scoreboard yondashuvida ham samarali sud tizimi investitsiyalarni himoya qilish, shartnomalar ijrosi va iqtisodiy raqobat muhiti bilan bevosita bog‘liq, deb qaraladi.
– Strategiyaning eng kuchli jihatlari nimalarda ko‘rinadi?
– “Odil sudlov - 2030” strategiyasini avvalgi konseptual hujjatlardan ajratib turadigan muhim jihatlardan biri bu – uning natijalari aniq raqamlarda belgilangani.
Xususan, 2030-yilgacha sudga ishonch - 80 foiz, “yagona darcha” xizmatlari - 100 foiz, soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan fuqarolik va iqtisodiy ishlar - 30 foiz, mediatsiya orqali hal etiladigan ishlar – 30 foiz, sudgacha hal qilinadigan nizolar - 20 foiz, elektron murojaatlar - kamida 50 foiz, sudyalar ish yuklamasini kamaytirish - kamida 40 foiz, sudyalarning odil sudlovga daxlsiz vazifalardan ozod etilishi - 100 foiz darajasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bu raqamlarning o‘zi Strategiyaning falsafasini ochib beradi: sud islohoti endi jarayon emas, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv ob’ektiga aylanmoqda.
Strategiyani faqat sud tizimiga oid hujjat deb baholash kamlik qiladi. Ushbu hujjat huquqiy davlatning keyingi institutsional bosqichini belgilagan hujjat, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda sudning “xalqchilligi” – ochiqlik va qulaylikda, “adolati” – mustaqillik va xolislikda, “kafolati” – inson huquqlarini himoya qilishda, “samaradorligi” – ortiqcha ish yuklamasini kamaytirishda, “zamonaviyligi” – raqamlashtirishda, “xalqaro raqobatbardoshligi” umume’tirof etilgan huquqiy standartlarga uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Zero, adolatning eng yuksak shakli — faqat adolatli qaror qabul qilish bilan cheklanish emas, insonni adolat qaror topishiga ishontirishdir.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.