Adolat qaror topishini istayman xolos
Men 2012 yildan 2016 yilning sentabr oyiga qadar Farg‘ona viloyati Quva tumani 2- davlat notarial idorasida notarius lavozimida ishlaganman.
Tahrirsiz maktub
Men 2012 yildan 2016 yilning sentabr oyiga qadar Farg‘ona viloyati Quva tumani 2- davlat notarial idorasida notarius lavozimida ishlaganman. O‘z kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun ham har bir ishga halollik bilan yondashardim.
2016 yilning may oyi boshlaridan menga nisbatan tazyiqlar boshlandi. Go‘yoki ular prokuratura va sud orqali men tomonimdan aldangan odamlarni pullarini olib berisharmish. Menga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borildi. Aslida bu meni o‘z ishimdan chetlatib, professional holatimga nuqta qo‘yishdan iborat qabih reja edi.
Yosh bo‘lsam-da boshimdan jiddiy sinovlarni o‘tkazdim. Tergovni viloyat prokuraturasi tergovchilari O.Ahrarov va R.Mehmonovlar faqat ruhiy azob va tazyiqlar bilan olib borishdi. Dastlab nimagadir jinoyat ishida tergov R.Mehmonovda bo‘lsada men operatsiyadan chiqib (tasavvur qilayapsizmi qorin qismim operatsiya qilinib yoriq holatda) koykada yotganimda 2016 yilning iyul oylari boshlarida tergovchi O.Ahrarov majburlab oldiga chaqirib, 16 million pulni to‘lashimni so‘ragan. Bu pulni o‘sha kuni ertalabdan kechgacha qornim yarasi ochiq qon oqqan holda topib olib kelib topshirganman. Topshirganmanu yerga qulabman... Jinoyat ishi menga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 -moddasi 2 -qismi bilan qo‘zg‘atilgan bo‘lsada bu haqda biz 05.09.2016 yilda xabardor bo‘lganmiz. Go‘yoki yetkazilgan zarar 50 million deb topilib, 49 million 50 ming prokuratura depozitiga majburlab pul to‘latdi.
Sud jarayoni ham “sahnalashtirilib”, jabrlanuvchilar qarama qarshi ko‘rsatma berishar, ularning tergovdagi ko‘rsatmalariga butunlay teskari edi. Jabrlanuvchilar ayblovga ko‘ra 383 ta bo‘lsada ulardan 5 tasi va 1 nafar guvoh keldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan menga eng kam ish haqini 150 barobar miqdori, ya’ni 20 million so‘m jarima va 3 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq kasblarda ishlashdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar uchun men tomonimdan to‘langan 49 million so‘mni davlatga o‘tkazish belgilandi. Sudda menga qo‘yilgan ayblar o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa-da, adolatsiz jazo berilgani meni hayron qoldirdi. Qani bu yerda sudning “adolat qo‘rg‘oni” ekanligi?
Shu hodisalardan keyin prokuratura va sud idoralarga 50 dan ortiq murojaat qildim va afsuski, amaliy javob ololmadim. Birgina holatni istisno qilmasa. 2017 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaatim asosida olib borilgan tergov va sud qarorlari yuzasidan nazorat asosida tekshiruv o‘tkazildi. Tekshirish natijalariga ko‘ra, “shou ishtirokchisi” deb topilgan Q.Dalievga yetkazilgan zarar tergovda go‘yoki moliya idoralarining aybi bilan kirib qolibdi. Pulingizni Farg‘ona shahar sudidan olishingiz mumkin degan javob olganman. Esi bor odam tushunadiki zarar o‘z o‘zidan tergovda paydo bo‘lmaydi. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi prokuratura tomonidan protest keltirish hukm bekor qilinishi kerak. Aslida bunday “adashmovchilik” jinoyat ishini aksariyatini tashkil qilib shu javobdan keyin menga faqat boshqa holatlarni o‘rganishdan bosh tortgan holda bir xil javob kelmoqda.
Men faqat adolat qaror topishini hamda o‘z professional faoliyatimga tiklanishimni istayman xolos. Axir bugun sudlarga katta ishonch paydo bo‘lmoqda.
Shamsiddin Sharipov,
Farg‘ona viloyati Oltiariq tuman
“Oltiariq” mahalla fuqarolar yig‘ini