“Adolat” kubogi gʻoliblari taqdirlandi
Respublika olimpiya zaxiralari maktab-internatida Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi hamkorligida belbogʻli kurash boʻyicha “Adolat” kubogi musobaqasining respublika bosqichi oʻtkazildi.
Respublika olimpiya zaxiralari maktab-internatida Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi hamkorligida belbogʻli kurash boʻyicha “Adolat” kubogi musobaqasining respublika bosqichi oʻtkazildi.
Mazkur musobaqa davlatimiz rahbarining yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusini roʻyobga chiqarish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni sogʻlom, baquvvat va barkamol qilib tarbiyalash, sportchi yoshlarni milliy qadriyatlarimizni eʼzozlash va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda belbogʻli kurash sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari va deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston “Adolat” SDP faollari, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi vakillari, ushbu bellashuvning hududiy bosqichlari gʻoliblari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni jismonan va maʼnan sogʻlom qilib tarbiyalash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro musobaqalar, olimpiadalarda sportchilarimiz yutuqlarga erishib, Vatanimiz sharafini ulugʻlab kelmoqda.

— Keyingi ikki yil davomida jismoniy tarbiya va sport sohasiga doir qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarda aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilandi, — deydi partiya Siyosiy Kengashi raisi oʻrinbosari Abdukamol Rahmonov. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Oliy Majlisga taqdim qilgan Murojaatnomasida mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat berish, yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish kerakligi alohida taʼkidlangan.
Partiyamiz bir necha yildan buyon Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. “Adolat” kubogi musobaqalarining oʻtkazilishi esa hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqdi, deb oʻylaymiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida mazkur sport turi bilan koʻplab yoshlarimiz muntazam shugʻullanmoqda. Azal-azaldan turli sayillarda, toʻy va boshqa tadbirlarda bir-biridan qiziqarli bellashuvlar oʻtkazilgan. Bu bellashuvlarda kuragi yerga tegmagan polvonlarimiz yurtimiz dovrugʻini dunyoga tanitganlar. Uzoq tarixga ega boʻlgan belbogʻli kurash oʻzbek polvonlarining mahorati, matonatini namoyon etib keladi.
Belbogʻli kurash sport turini keng targʻib qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarda mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirishda partiya deputatlari Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasining hududiy kengashlari bilan hamkorlikda joylarda saylovchilar hamda yoshlar bilan oʻtkazayotgan uchrashuvlar, musobaqalar amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz kelajagini sogʻlom va har tomonlama uygʻun rivojlangan yoshlar qoʻlida, deb hisoblovchi Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida joriy yilning mart-aprel oylarida belbogʻli kurash boʻyicha “Adolat” kubogi musobaqasining tuman, shahar va hududiy bosqichlari ochiqlik, oshkoralik, raqobat mezonlari asosida oʻtkazildi.
136 ta tuman, shaharlarda oʻtkazilgan saralash hamda hududiy bosqichlardagi bellashuvlarda 7 500 nafardan ortiq yosh polvonlar ishtirok etishdi.
Musobaqaning respublika bosqichida hududlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri qatnashchilari — 2000, 2001 hamda 2002 yilda tugʻilgan oʻgʻil bolalar 6 vazn toifasida (55, 60, 65, 71, 77, 83 kg. vazn toifasida) 80 dan oshiq eng sara polvonlar oʻzaro kuch sinashdi.
Xalqimiz oʻrtasida halollik, mardlik, jasorat namunasi hisoblanib, yosh avlodning maʼnaviy va jismoniy jihatdan rivojlanishida alohida ahamiyatga ega boʻlgan mazkur sport turi boʻyicha bellashuvlar boshlanishidan avval Prezidentimizning 5 tashabbusiga hamohang ravishda sanʼat ustalarining badiiy chiqishlari musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlarni xushnud etdi. Shuningdek, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida badiiy hamda huquqiy adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi.
Koʻtarinki ruhda boshlangan musobaqa qiziqarli va murosasiz bellashuvlarga boy boʻldi. Bir-biridan mahoratli polvonlar bahsida kuchlilar orasidan eng kuchlilar gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, eng koʻp sovrinli oʻrinlarni egallagan Andijon viloyati jamoasi umumjamoa hisobida “Adolat” kubogi respublika musobaqasi gʻolibi boʻldi. Musobaqada Toshkent shahridan Hasan Azimov (55 kg.), Andijon viloyatidan Oybek Sultonov (60 kg.), Nusratbek Sultonboyev (65 kg.) va Roʻzioxun Roʻzioxunov (71 kg.), Fargʻona viloyatidan Rahmatilla Anvarjonov (77 kg.), Toshkent shahridan Nodir Ahadjonov (83 kg.) 1-oʻringa sazovor boʻlishdi. Mazkur vazn toifalarida Kamronbek Ortiqov (Andijon), Jahongir Haitov (Namangan), Xolmirza Hasanboyev, Shahzod Mirzayorov (Toshkent shahri), Manguberdi Imyanov, Sardor Toʻlayev (Toshkent viloyati) ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, har bir vazn toifasida ikki nafardan ishtirokchi 3-oʻringa loyiq topilib, gʻoliblar safidan joy olishdi.
— Uzoq yillik tarixga ega belbogʻli kurash sport turi bugun nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda ham oʻz muxlislariga ega boʻlib bormoqda, — deydi Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov. — Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi Birlashgan kurash olamining (UWW) haqiqiy aʼzosi hisoblanadi. Mazkur tashkilotning dastur-rejasiga muvofiq jahon chempionatlari va kubok musobaqalari muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkillashtirilayotgan mazkur musobaqa yuqori saviyada oʻtkazilgani bilan ahamiyatlidir. Chunki ushbu bellashuv joriy yilning 18-21 iyun kuni Olmaliq shahri mezbonlik qiladigan, yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan jahon chempionati oldidan terma jamoa aʼzolariga nomzodlarni yana bir bor saralab olish imkoniyatini berdi.
Gʻoliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida gʻolib boʻlgan Andijon viloyati jamoasiga “Adolat” kubogi topshirildi.