Adliya vazirligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Ta’kidlanganidek, “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida 41 davlat organi orasida Adliya vazirligi “Namunali vazirlik” deb e’tirof etildi.
Hisobot davrida 840 normativ-huquqiy hujjat davlat hisobiga olindi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga ko‘p.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar soni 1,5 baravar oshib, 301 taga yetdi.
1,7 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilib, 229 korrupsiyaviy omil aniqlandi.
Majburiy talablar reyestri doirasida 42 mingta majburiy talab qayta ko‘rib chiqilmoqda. 40 ta davlat xizmati soddalashtirildi. Natijada kompozit davlat xizmatlari soni 128 taga, proaktiv xizmatlar esa 33 taga yetkazildi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 75 taga oshirilib, 592 tani tashkil etdi.
Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma endilikda 100 foiz avtomatik, xodim ishtirokisiz onlayn rasmiylashtirilmoqda.
Onlayn rasmiylashtirilgan notarial harakatlar soni 4 baravar oshib, 463 mingdan ortiqni tashkil etdi. Mediatsiya kelishuvlari soni ham 4 baravar oshib, 18 mingdan ortiq rasmiylashtirildi.
“E-notarius” axborot tizimining boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasi 95 foizga yetkazildi. Davlat hisobidan ko‘rsatilayotgan bepul yuridik yordam hajmi yiliga 80 ming xizmatga yetdi.

Har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan advokatlar soni 14 nafardan 20 nafarga oshdi.
Yuridik xizmat markazlari tomonidan davlat tashkilotlarining 4,3 million hujjat loyihasiga huquqiy xulosa berildi. Bunda xulosa berish muddati 46 soatdan 2 soatgacha qisqartirildi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan intellektual mulk ob’ektlari soni 1,5 baravar oshib, 15 mingdan ortiqni, huquqiy himoyasi ta’minlangan ob’ektlar soni esa 2 baravar oshib, 3,1 mingtani tashkil etdi.
Byurokratik bosqichlarni qisqartirish hisobiga vazirlikning ichki jarayonlaridagi vaqt sarfi 45 foizga optimallashtirildi. Ijro intizomi 99,59 foizni tashkil etdi.
Majlisda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA