Adliya ko‘magida tadbirkorlarning huquqi tiklanmoqda
Namangan viloyatida adliya idoralari tomonidan fuqarolar, xususan tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, qonuniy manfatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Mingbuloq tumani adliya bo‘limining bevosita aralashuvi va amaliy ko‘magi bilan “Mingbuloq paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatida ishlovchi 14 nafar xodimning to‘lanmagan ish haqlarini undirishda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada to‘lanmagan ish haqlarini undirish bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilib, 59 million 633 ming 685 so‘m ish haqlari undirib berildi.

Xizmatni qilib, pulini ololmagan tadbirkor qayerga bora

di? Albatta, huquq va manfaatlari himoya qilinadigan tashkilotga. Jumladan, “Abduraximjon xoji” xususiy korxonasi rahbari Pop tumani adliya bo‘limiga ushbu tumanda joylashgan Namangan ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasidan ko‘rsatilgan texnika xizmati uchun haqlarini undirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Holat o‘rganilganda tadbirkor bilan ko‘priklardan foydalanish korxonasi o‘rtasida tegishli ijara shartnomalari tuzilib, bunga asosan 972 million so‘mlik texnik xizmatlar ko‘rsatilgan. Biroq Namangan ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan shartnomada belgilangan muddatlarda xizmat haqlari to‘lab berilmagan. Adliya bo‘limi tomonidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tadbirkor manfaatini ko‘zlab Chust tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.
Tadbirkor manfaatiga qaratilgan mazkur ariza qanoatlantirilib, iqtisodiy sudning 2020 yil 24 dekabrda tadbirkor rahbarligidagi “Abduraximjon xoji” xususiy korxonasi foydasiga 972 million so‘m asosiy qarzni undirish bo‘yicha sud buyrug‘i qabul qilinishiga erishildi.
Pop tumani adliya bo‘limiga tumandagi qishloq xo‘jaligi, qishloq va suv xo‘jaligi, kon metallurgiya va servis hamda G‘urumsaroy iqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida faoliyat yuritib kelgan 37 nafar xodim ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingani, biroq belgilangan tartibda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib murojaat qilishdi.
Murojaatlarni o‘rganish davomida kollejlar tomonidan xaqiqatdan ham 37 nafar xodim va keyinchalik aniqlanishicha 152 nafar xodimga belgilangan tartibda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmaganligi aniqlandi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha, tuman adliya bo‘limi tomonidan kasb-hunar kollejlari xodimlariga Mehnat kodeksining 109-moddasiga muvofiq, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilishi to‘g‘risidagi taqdimnoma kiritildi.
Yuqorida ko‘rsatilgan kollejlar tomonidan Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga ko‘ra, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan 152 xodimga 155 million 527 ming 648 so‘m miqdoridagi ishdan bo‘shatish nafaqasi hisoblanib, to‘lab berilishiga erishildi.

– O‘tgan yilning 11 oyi mobaynida Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 3 ming 122 murojaati ko‘rib chiqilib, shundan 2 ming 744 tasi hal etildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Xayrullo Sobirov. – Shu jumladan, 2 ming 205 murojaat qanoatlantirildi. 539 murojaat bo‘yicha huquqiy tushuncha va tavsiyalar berildi. Hozirga qadar kelib tushgan murojaatlardan 230 holatda ularni ko‘rib chiqish uchun tegishli tashkilotlar mutasaddilariga yuborildi. Mazkur murojaatlarni ham belgilangan tartibda ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA