Adliya ko‘magida o‘qituvchilarga ustama haqi to‘lab berilmoqda
Andijon viloyati Marhamat tumani adliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda tumandagi 27-, 39- va 40- umumta’lim maktablari o‘qituvchilari ustama pullar to‘lanmayotganligini bildirib murojaat qilgan.
Prezidentimizning 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori 4-qismi g-bandida ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilar lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.
O‘rganish davomida yuqorida qayd etilgan Prezident qarori talablariga rioya etilmasdan 3 nafar o‘qituvchiga jami 163 million 66 ming 58 so‘m miqdoridagi ustama pullar to‘lanmaganligi aniqlanib, ushbu pullarni undirish yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri nomiga taqdimnoma kiritildi.
– Bir necha bor murojaat qilishimga qaramasdan masala hal bo‘lmasdan kelayotgan edi, – deydi Marhamat tumanidagi 27- umumta’lim maktabi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Lolaxon To‘ychiyeva. – Adliya idorasi aralashuvidan so‘ng menga 54 million 735 ming 960 so‘m ustama pullari to‘lab beriladigan bo‘ldi. Bu kabi xatoga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan qonunlar doirasida choralar ko‘rildi.
O‘z vaqtida fan olimpiadasi respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilar olishi kerak bo‘lgan ustama pullari bosqichma-bosqich to‘lab berilmoqda.
Umuman, adliya idoralari xodimlari tomonidan bu kabi qonun buzilishlarining oldini olish, qonunlarda belgilangan tartiblar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha mas’ul va mutasaddilar o‘rtasida zarur targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
F.UBAYDULLAEV, O‘zA