Adliya faoliyati sarhisob qilindi
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari tomonidan hududda amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha axborot berdi.
Anjumanda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi va uning tuman-shahar bo‘limlari tomonidan hisobot davrida kelib tushgan 2 ming 466 ta murojaatning 94,4 foizi hal qilindi.
Joylarda 358 ta monitoring va 79 ta o‘rganish o‘tkazilib, aniqlangan jami 4 ming 540 ta qonunbuzarlik holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taqdimnoma, sudlarga jami 11 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Huquqbuzarlarga nisbatan 94 ta ma’muriy materiallar rasmiylashtirildi.

– Adliya organlari tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda. Xususan, “E’tirof” avtomatlashtirilgan tizimiga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 7-aprel kuni holatiga Qonun ijrosi yuzasidan viloyat bo‘yicha 139 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi. Shundan qonun tatbiq etiladigan 46 mingdan ortiq ob’ektlarning elektron yig‘majild hujjatlari tayyorlanib axborot tizimiga joylashtirilgan, – deydi Toshkent viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Bekniyozov
Adliya boshqarmasi tomonidan 3 ming 515 ta ob’ektlarga nisbatan ijobiy xulosalar berilgan bo‘lib, shundan 3 ming 142 tasiga nisbatan Toshkent viloyati Xalq deputatlari Kengashining qarorlari bilan huquqlar e’tirof etilgan.

Toshkent viloyatida “Ye-qaror” elektron tizimi ishga tushgandan buyon 86 ming 85 ta hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 44 ming 253 ta hokim qarorlari, 29 ming 562 ta hokim farmoyishi va 12 ming 270 tasi Kengash qarorlaridan iboratdir. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining 92 ta qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan davlat xizmatlari yo‘nalishida chekka va olis hududlar aholisiga 30 ming 465 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazlariga bir kunda o‘rtacha 270 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar vakillari keladi va ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatilmoqda.


2026-yil birinchi choragi davomida Toshkent viloyat hududida joylashgan bozorlar, savdo nuqtalari va dorixonalarda profilaktik kuzatuv tadbirlari, shuningdek, tumanlarda tovar (xizmat ko‘rsatish) belgilaridan qonunga xilof foydalanilganligi holati bo‘yicha 6 dan ortiq profilaktik kuzatuv tadbirlari olib borilib, 4 ta holatda kontrafakt mahsulotlari aniqlandi. Mazkur tadbirlar hamda murojaatlar asosida o‘tkazilgan tekshirishlar yuzasidan jami 5 ta taqdimnoma, 7 ta ogohnoma, 3 ta ma’muriy bayonnoma ta’sir chorasi qo‘llash orqali himoyalangan ob’ektlar huquqlari tiklandi.
A.Musayev,O‘zA