Adaptiv sport turlari rivojlantiriladi (+video)
So‘nggi to‘rt yil ichidabyudjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ hajmi 1.5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi, murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobarga ko‘paydi, 101 ta yirik sport inshootlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi.
Keyingi yillarda parasport bo‘yicha ham katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Lekin O‘zbekiston jamoasi “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirishni maqsad qilar ekan, bunga erishish uchun marrani katta olib, quyi tizimlarda keng ko‘lamli islohotlar zarur.
Sohani isloh qilish maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 8 noyabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan Paralimpiya, Surdolimpiya, Maxsus Olimpiada harakatlari hamda ko‘zi ojizlar sportini muvofiqlashtiruvchi, rivojlantiruvchi yaxlit va yagona tizim yaratildi.
O‘zbekiston Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va sohadagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlandiki, paralimpiya jamoamiz tomonidan oxirgi Olimpiadada faqat 5 ta sport turi – boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika va erkin kurash bo‘yicha medallar qo‘lga kritilgan. Lekin hali hamon sportchilarimiz salohiyati va imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgan sport turlari ham mavjud.
Shu bois sport bilan shug‘ullanish istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra ularga hududlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul shug‘ullanishlari uchun yo‘llanmalar beriladi.
Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti negizida Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etiladi.
Adaptiv sport turlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimi muvofiqlashtiriladi.
Shuningdek, adaptiv sport turlari bo‘yicha trener, yo‘riqchi-uslubchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Aytildiki, endilikda sport maktablarida adaptiv sport turlari bo‘yicha guruhlarni tashkil qilgan trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama hisoblanadi.
Shu bilan birga sportchilarni tayyorlashda jahon standartlariga javob beradigan o‘quv-uslubiy adabiyotlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Uch bosqichli “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasidagi musobaqalar dasturiga karlar, ko‘zi ojizlar va maxsus olimpiya sport turlarini kiritish, g‘olib va sovrindorlar orasidan nogironligi bo‘lgan iqtidorli shaxslarni saralab olish hamda ularni professional sportga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2025 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda may oyining birinchi yakshanbasida respublikaning barcha hududlarida «Inson uchun» shiori ostida adaptiv sport turlari bo‘yicha festival o‘tkazish va uning doirasida xayriya marafonlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida Prezident qarori bilan sportchilarimizga kelgusida yaratib beriladigan sharoit va imkoniyatlar, o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi va yakunida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Bir so‘z bilan aytganda yangi tizim nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb qilishda keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mg8_hsptspM" title="Adaptiv sport turlari rivojlantiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Javohir Toshxo‘jayev, Abror Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA