Adabiyot muxlislari uchun tuhfa
2023 yilda mamlakatimizda O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nainki poytaxtimiz va Toshkent viloyati, balki mamlakatimizning turli go‘shalarida, oliy o‘quv yurtlarida, kutubxonalarda atoqli shoir ijodiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, anjumanlar tashkil etildi.
Adabiyotshunoslar fikricha, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi zamonaviy o‘zbek she’riyatini yangi she’riy janrlar, poetik shakllar, badiiy obrazlar va mavzular bilan boyitgan shoir. Uning ijodida Vatan hurligi, istiqlol, milliy o‘zlikni anglash masalalari ustuvor o‘rin egallaydi.
Yaqindagina chop etilgan "Tanlangan asarlar" kitobi shoirning hayotligida nashr qilingan she’rlaridan tashqari, daftarlarida qolib ketgan ilk mashqlari, bugunga qadar e’tibordan chetda qolib kelayotgan nasriy asarlari, adabiy maqola va suhbatlari bilan бойитилди.
Bu Rauf Parfi ijodiy faoliyatini to‘laqonli tasavvur qilishga va shoir asarlarini atroflicha tadqiq etishimizga qo‘l kelishi shubhasiz. Shoir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tayyorlangan ushbu nashr adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.
Kitob "Adabiyot" nashriyotida chop etilgan.
N.Usmonova, O‘zA