Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik
Adabiyot bekati
Badiiy asar tarjimoni birovning tomorqasida mehnat qilayotgan dehqonga o‘xshaydi. Men uni, hatto, mardikor ham degim keladi. Beminnat chekkan mashaqqati, zahmati uchun.
“Rasul o‘zimiz qatori, faqat, uning Maskovdagi tarjimonlari zo‘r”, – deya yozg‘irishadi o‘z vaqtida shoir g‘animlari. Bu Hamzatovning g‘ashini keltiradi. Chunki u chindan ham zo‘r edi. Ammo Rasul Hamzatov degan dog‘istonlik shoir ijodi dunyoning har bir burchagida birdek sevimli bo‘lishida zahmatkash tarjimonlarning o‘rni chindan ham beqiyos edi.
“Sergey Yesenin she’rlarining ruschasidan ko‘ra o‘zbekchasi ko‘ngilga yaqinroqday”, – dedi bir kun shoirning muxlisi, o‘nlab she’rlarini ruschada yod olgan, rus tilida savodi chiqqan va o‘zi ham shu tilda u-bu narsalar mashq qilib kelayotgan o‘g‘lim Komron. Bu – Sergey Yesenin she’rlarini o‘zbek tiliga qoyillatib o‘girgan tarjimon, ustoz Erkin Vohidov mahoratiga oddiy kitobxon bergan xolis baho.
Chet el adiblari asarlarini qo‘lga olgan o‘quvchi, agar ozgina adabiyotdan xabari bo‘lsa, albatta, asarni kim tarjima qilgani bilan ham qiziqadi. Ozod Sharafutdinov, Ibrohim G‘afurov, Nizom Komilov ... va shunga o‘xshash ism-shariflarni ko‘rib qo‘lingizdagi kitob yuki, salmog‘ini taxmin qilasiz. Katta ijodkorlar mayda, xashaki ishlarga qo‘l urmaydi.
“Tarjima – ijodkor uchun koni foyda”...
Jangchi jangga kirishdan burun xanjarini charxlab, bir qur nazardan o‘tkazib olgani singari ayrim ijodkorlar ma’lum muddat tarjimachilik bilan shug‘ullanishi bor gap. Shavkat Rahmonning “Lorka”si, ustoz Xurshid Davronning “Dengiz yaproqlari” kitoblari xuddi ana shu yo‘lda dunyoga kelgan va adabiyot ahliga manzur bo‘lgan edi.
Juda go‘zal va samimiy ijodi bilan o‘z muxlislari ko‘nglidan joy olgan Karim Bahriyev turkiy olamning o‘ziga xos dardli shoiri Romiz Ravshan ijodini bizga taqdim etdi va ko‘pchilik Karim aka sabab bu shoirni yaxshi ko‘rib qoldi.
Ulug‘bek Hamdam “Ichindagi ichindadir”ni o‘zbek tiliga o‘girganda bu kitob rumiyxonlikning yanada avj olishiga turtki bo‘lgandi. Bir kun yozuvchi akamiz Orzuqul Ergashning qo‘lida shu kitobdan bir nechasini ko‘rib, “O, zo‘r-ku!” – deganim esimda. “Do‘konlarda yo‘q, ustidan chiqib qoldim, sotib olaverdim, tanishlarga sovg‘a qilaman”, degandi xoksor adib. Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin.
Tarjimonlik ishining turgan-bitgani zahmat. L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, M.Bulgakov, N. Dumbadze, E.Xeminguy va hokazo kabi daho san’atkorlar asarlarini qo‘lga olganimda I.G‘afurov, N.Komilov, O.Sharafutdinov kabi so‘z ustalari ko‘z o‘ngimda paydo bo‘ladi va ularni ana shu ulug‘ adiblar bilan bir qatorda ko‘rib mutolaaga kirishaman.
Tunov kun rus tilida ijod qiladigan mashhur adibimiz Temur Po‘latov asarlarini o‘zbek tilida yana bir bor o‘qidim. O‘zim bilgan Shukur Xolmirzayev, Erkin A’zam, Tohir Malik tarjimalaridagi hikoyalarga alohida e’tibor qaratdim. Ishoning, har uchala ijodkorning nafasini his etib turdim. Ayniqsa, Shukur Xolmirzayev qo‘toslar haqidagi hikoyani xuddi o‘zi yozayotgandek jonli tasvirlab ketadi-ki, Shukur aka hikoyaning shu joyida o‘zidan u-bu narsa qo‘shvormadimikin, degan xayollarga ham borasan kishi, bu – tom ma’nodagi ijodkorlik. Erkin A’zam qalamiga mansub tarjima haqida ham shunday deyish mumkin. Haqiqiy ijodkor, avvalo, o‘zining ruhiyatiga yaqin va badiiy jihatdan baland bo‘lgan asarlarni tarjima qiladi. Va bu adabiyot uchun ham, kitobxonlar uchun ham haqiqiy tuhfa bo‘ladi.
Badiiy asarni tarjima qilayotgan shoir, yozuvchi, hargiz tilmoch emas, u tom ma’nodagi ijodkor. Bu gapimga qo‘lingizdagi “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” va uning tarjimoni Odil Ikrom ijodi yaqqol misol.
Bir necha kunki, antologiya qo‘lyozmasini mutolaa qilaman. Odil aka xuddi Rasul Hamzatovning g‘animlari orzu qilgan maskovlik tarjimonlar kabi har bir she’r, satr ustida bobodehqondek ter to‘kkani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardimki, ustoz Odil Ikrom fors-tojik adabiyotining O‘zbekistondagi eng faol va jonkuyar targ‘ibotchisi.
Antologiya. Bu – shunchaki oddiy she’rlardan iborat kitob emas. Unda davr sinovidan o‘tgan ne-ne so‘z zargarlari bilan yuzma-yuz kelasiz. Ularning aksariyati men uchun tanish.
Mana, Farzona. Bu nom ilk bor qachon qulog‘imga chalinganini aniq eslayman. Xo‘jand Davlat universitetining ”O‘zbek filologiyasi” fakultetiga talaba bo‘lgan yilim “bir yil burun Tojik filologiyasini Farzona ismli shoira qiz bitirgan”, deyishardi. Men avval fakultetdagi bir tadbirda va keyinchalik ko‘chalarda ba’zan shoirani ko‘rardim. Keyinroq uning ovozasi Xujanddan tashqarilarga yoyila boshladi. Ko‘pchilik nazarida Loyiqdan keyin tojik adabiyotida yarq etib ko‘zga tashlangan va dovrug‘i ketgan shoir, bu – Farzona edi.
Poytaxt Dushanbeda Farzona ishtirok etadigan she’riyat kechalarida zallarga muxlislar sig‘may ketishini ustoz Asqar Mahkamdan (Olloh rahmat qilsin) eshitganman. Afsuski, hozir mening qo‘limda Farzonaning tojik tilidagi kitoblari yo‘q, lekin Odil Ikrom tarjimasida uning Xujandni qoq ikkiga bo‘lib oqib yotgan Sirdaryodek sokin, ammo, turgan-bitgani dardu g‘alayonlarga to‘la she’rlarini shoshmasdan o‘qiyman:
Ishq – eng tugal xulosasi
ma’rifatlarning,
Anglab yetgin,
Ishq – Xudoga birikkan qasam.
Shunday ekan, balandroq bo‘l
o‘zingdan, zero,
Ishq o‘ladi,
Chumoliga ozor bersang ham.
Yoki
Balki, qay bir eski to‘rva,
eski sandiqda
Qolgandir ishq va muhabbat
yuqidan asar.
Tug‘ilmoqqa qadar bosib o‘tay
bu yo‘lni,
To tozarmoq,
To Xudo
To O‘zimga qadar!
Shoiraning “Najot”, “Ibtido” kabi dard to‘la she’rlarini qaytib-qaytib o‘qiging kelaveradi.
Odil aka tarjima jarayonida shoira she’rlari ruhini juda yuksak pardalarda bera olgan. Zar qadrini zargar biladi. Axir, Odil Ikromning o‘zi ham she’r ixlosmandlari tomonidan allaqachon e’tirof etilgan, she’rxonlar mehrini qozonish baxtiga muyassar bo‘la olgan ustoz shoir.
Shoir bo‘lganda ham qandoq shoir deng?!.
Uning “Xayol maqbarasi” kitobi haqidagi shov-shuvlar hali-hamon bosilgani yo‘q. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘rozboy og‘a Abdurahmonov lutf bilan “Odil Ikrom xayoldan maqbara tiklagan shoir”, deb yozdi bir chiqishlarida...
Yana bir gapni aytgim keladi. Odil Ikrom – juda ziyrak ijodkor. Ayrimlar “Adabiyot – mening qismatim!” – deydi uyog‘ini o‘ylab-netib o‘tirmay. “Yolg‘on gapiryapti”, – deyman beixtiyor. Odil Ikrom esa, boshqacha. U hech qachon bunday balandparvoz, ko‘pchilikka xush kelmaydigan gapni aytmaydi, lekin adabiyot yog‘ida qovrilishdan cho‘chimaydi, jonini ayamaydi, shubha qilsangiz, shoir ijodi bilan qiziqib ko‘ring.
U o‘zbek va fors-tojik adabiyotining shaydosi. Rumiy, Bedildan gapiring va tomosha qiling. Siyosatdan gapirsangiz, ensasi qotadi, so‘z oqimini adabiyot, she’rga buring va yana kuzating, tundlashib turgan chehrasi birdan yorishib ketadi.
Ochig‘i, Odil akaning qanday kitoblarni mutolaa qilishi menga qorong‘u, ammo, qanday asarlar tarjimasiga qo‘l urishini, qanday asarlarni o‘quvchiga tavsiya qilishi mumkinligini bilaman. Qo‘lingizda turgan “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” bunga dalil.
Kitobda har bir shoirning o‘z ovozi eshitilib turadi, ularga mahliyo bo‘lib qolasiz va boshqa bir tomondan Odil Ikrom degan shoirning sokin nafasini ham aniq his etib turasiz. Odil Ikrom antologiyani tom ma’noda o‘zbekchalashtiribdi-ku, degan o‘y ko‘nglingizdan o‘taveradi.
O‘zbek va tojik – ikki tilda gaplashuvchi bitta xalq, degan gapni men siyosatga mutlaqo aloqasi yo‘q, hayotiy gap – haqiqat deb bilaman. Qo‘lingizdagi antologiyani bir varaqlab ko‘ring, zarracha bo‘lsin, begonalikni his etarmikansiz? Yo‘q, albatta.
Bir gapni aytay, tojikistonlik, xususan, xujandlik aksariyat tojik do‘stlarimiz o‘zbek tilida gapirsangiz, yelka qismay, jilmayib turib sizni tinglay boshlaydi. Men ilk bor bu holatni tojik adabiyoti bilimdoni, taniqli adabiyotshunos olim A.Nasriddinov bilan bo‘lgan muloqotda sezganman. Domla, men – oddiy talabaning uzundan uzoq o‘zbek tilidagi so‘zlarimni jilmayib turib, xotirjam eshitganlar va “Shumi bor-yo‘g‘i?” – deya bir parcha qog‘ozga qo‘l qo‘yib berganlar.
Ishonchim komilki, antologiya tojik adiblari va o‘zbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ladi.
Ey, qalbi ko‘r g‘anim, dunyoning duni,
Qaytar dunyo derlar, bilmassan buni.
Otganingda menga tegmagan tosh bu,
Ko‘tar, mozoringga olib ket uni...
Yoki
Odamiyat jangi boshlangach, esiz,
Qonga g‘arq bo‘lganin olam etdi his.
Bir maymun boshqa bir maymunga aytar:
- Xayriyat, odamga aylanmadik biz...
Bu satrlar shoir Ozaraxsh qalamiga mansub. Mening nazarimda, antologiyadan o‘rin olgan shoirlar xuddi Ozaraxsh va Farzona kabi ruhan bir-birlarini to‘ldirib turadi. Bu butunlik bizga zamonaviy tojik she’riyati haqida, to‘g‘rirog‘i, uning yaqin bir asrlik mavqei, yutuqlaridan darak berib turadi.
Odil Ikrom tarjimasidagi “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” bir necha avlod shoirlari she’rlaridan iborat ajoyib guldasta. Unda 60 nafarga yaqin tojik shoirining ovozi baralla eshitilib turadi.
Odatda, antologiya tayyorlanayotganda “Kimlarni kiritish kerak?” – degan masala kun tartibiga chiqadi, qattiq tortishuvlarga “start” beriladi. Bahslar goh oshkora, goh pinhona, katta-kichik idoralarda uzoq davom etadi. Tabiiyki, bitta-yarimta pichoqqa ilinadigan ijodkor chetlab o‘tiladi. Shunday qilinmasa, antologiya – antologiya bo‘ladimi?..
Ammo o‘sha oq fotiha olgan manglayi yarqiragan shoirlarning eng yaxshi asarini tanlab antologiyaga kiritish masalasiga kelganda, negadir muharrirda hafsala o‘lgan bo‘ladi. Bunisi, muhim emas, muhimi, uning nomi. Nomi bor-ku, shunisiga rahmat desin, deydi. Shu ma’noda, “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi”ni tayyorlagan ijodkorlar bunday nomaqbul yo‘l tutmagani kishini xursand qiladi.
Darvoqe, antologiya Sadriddin Ayniyning she’rlari bilan boshlanadi.
Menga Ayniy domlaning “Esdaliklar”i ko‘proq yoqardi. O‘zbek tilida uchrab qolgan she’rlarini o‘qiganimda, juda jo‘n bo‘lib tuyulgan va baribir domlaning nasri zo‘r, degan fikrda qolganman. Antologiyadagi she’rlarini o‘qib, Ayniy domla binoyidek shoir ham ekan, deb tan berdim ichimda.
Lohutiy, Mirzo Tursunzoda, eh-he, kimlar yo‘q deysiz bu ro‘yxatda. Bozor Sobir, Gulruxsor, Loyiq... uyog‘i to Niyat Hayot, Nurali Nurzod...
Buxoro amirligidagi tahlikali muhit, sokin ko‘ringan Sho‘rolar tuzumi va Istiqlol davri ijodkorlari she’rlaridan tuzilgan guldasta. Har bir she’rda, har bir shoirda o‘zigagina xos dardni his etasiz. Dardning mohiyati bitta – u Amir zamonida ham, kommunizmga bir bahya qolgan muhitda ham, ozodman deb ko‘krak kerib yurgan dorilomon kunda ham – og‘riq, u istagan payt qalbga burov solishi mumkin. Antologiyani o‘qisangiz, o‘zingiz bunga shohid bo‘lasiz. Qulog‘idan tortib olib kirilgan zo‘rma-zo‘raki she’r yo‘q hisobi. Allaqachon narigi dunyoga rihlat etgan – kommunizm ostonasida turib ijod qilgan shoirlar she’rini o‘qiganingizda ham dimog‘ingizga bugungi kun nafasi baralla kelib turganini sezasiz, shoirni xuddi yoningizda turgan zamondoshdek his etasiz.
Bu, birinchi galda shoirning va hech mubolag‘asiz, iste’dodli shoir va tarjimon Odil Ikromning ishi, ya’ni mehnati samarasi.
Darvoqe, yana bir xushxabar, shu kunlarda shoir Odil Ikrom Mavlono Jaloliddin Rumiyning muhtasham “Masnaviy”si tarjimasini ham poyoniga yetkazdi va uning dastlabki kitoblari nashrdan chiqa boshladi.
Yana bir gap, 1996 yil – Ravshan Fayz fojiali tarzda olamdan o‘tgan kun, poytaxt Toshkentda katta bir anjuman bo‘lib o‘tgandi. Unda Chingiz Aytmatov raislik qilib: “Ijodkor, ziyolilar xalqlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak, afsuski, ayrim ziyolilar buning aksini qilmoqda”, deya ijod ahlidan sal noligan edi.
Odil Ikrom bugun xuddi Chingiz og‘a orzu qilgandek, ikki qonu qardosh – o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Bu – qanday xayrli ish, qanday xayrli ko‘prik. Bu ko‘prikning umri, inshoolloh, uzoq va boqiy bo‘lgay. Muhimi, undan o‘tayotganingizda sizdan hech kim shubhalanmaydi, birov boshpurt va viza ham so‘ramaydi...
Yopiq eshiklar allaqachon ochildi, ochilgan. Odil Ikrom tarjimasidagi “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi”ning o‘zbek tilida yangrashi ana shu xayrli bag‘rikenglikning totli mevasidir...
Alisher NARZULLO, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi