Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik
O‘zbek – turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik tarixi Amuday uzun, degan gap bor.
Bu ikki elat bir chashmadan suv ichganligi va ildizi birligi sanasi yer yoshiga teng desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, urf-odatlari, qadriyatlari, milliy an’analarida hech bir begonalik yo‘q. Xalq og‘zaki ijodida o‘zbek va turkman ellarining an’anaviy dostonchiligi ajralmas darajada bir-birini to‘ldirib turadi. «Go‘ro‘g‘li», «G‘arib va Shohsanam», «Tohir va Zuhro», «Sayoxatxon va Hamro» kabi dostonlar tinglovchilarning talabiga binoan goh o‘zbek, goh turkman tillarida kuylangan. Katta sayil, to‘ylarda ikki qardosh oqinlari galma-gal so‘z aytishib, davraga qo‘r kiritishgan.

Turkman mumtoz adabiyotining asoschisi Maxtumquli she’riyati esa o‘zbek o‘quvchilarining qalb mulkiga aylangan. Hofizlarimiz tomonidan har bir she’ri kuyga solinib, ijro etilgan. Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov, Sherali Jo‘rayev kabi el sevgan san’atkorlar yonib-jo‘shib kuylashgan.
XX asrda ham o‘zbek-turkman adabiy do‘stligi yanada mustahkamlandi. Qilich Quliyev, Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev va boshqa qator turkman adiblarining asarlari o‘zbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy olgan. O‘z navbatida, o‘zbek adiblarining qator asarlari, kitoblari ham turkman tiliga tarjima qilinib, qardosh xalq vakillariga taqdim etib kelinmoqda.

Yaqinda atoqli shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan «Sen bahorni sog‘inmadingmi?» saylanmasi turkman tilida chop etildi. Ushbu kitobni chop etishda Respublika turkman madaniyati markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi alohida tashabbus ko‘rsatdi.
She’riy to‘plamning turkman tilidagi tarjimasi kitobi taqdimoti katta shodiyonaga aylanib ketdi. Dastavval mehmonlar Abdulla Oripov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, shoirga hurmat bajo keltirdi. So‘ng Abdulla Oripov muzeyida bo‘lishdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev o‘zbek-turkman xalqlarining do‘stligi, birodarligi, milliy qadriyatlarining yaqinligi haqida gapirdi.
Tarjimon Jumadurdi Akiyev shoir ijodi haqida to‘xtalib o‘tdi:
– Ustoz shoirning she’rlarini turkman tiliga o‘girishni avvaldan orzu qilardim. O‘zbekiston farzandiman. O‘zbek tilini chuqur bilganim bunda qo‘l keldi. Abdulla Oripov bilan bir necha bor uchrashib, tarjima ishlarimni ko‘rsatib, fikrini olganman. Ulug‘ shoirning she’rlarini o‘girish uchun ham yuksak badiiy mahorat zarurligini bilaman. To‘g‘risi, tarjimaga qariyb ellik yildan beri urinib kelayapman. Shoirning xonadonida ko‘p bor bo‘lib, ustoz bilan muloqot qilganman. Uzoq yillik mehnatimdan so‘ng uning she’rlarini kitob holida chop etishga erishdim.
Respublika turkman madaniyat markazi raisi o‘rinbosari Guldana Abezdurdiyeva, Respublika turkman milliy madaniyat markazi viloyat bo‘limi rahbari Umrzoq Quvvatov, Abdulla Oripovning umr yo‘ldoshi Hanifa Mustafoyeva, shoirning qizi Shoira Oripova, filologiya fanlari doktori, professor Ilhom G‘aniyev, filologiya fanlari doktori, professor Karimboy Quronboyev va boshqalar shoir hayoti va ijodi haqida so‘zladilar. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov nomi dunyo adabiyoti muxlislariga tanilganligi, uning she’rlarida falsafiy-badiiy talqin kuchliligi, nozik ishora va o‘tli his-tuyg‘ular hayrat uyg‘otishi ta’kidlandi.
Kitob taqdimoti adabiyot bayramiga aylandi. Bunday tadbirlar xalqlar o‘rtasida ezgulik ko‘prigi bo‘lib, ko‘ngil rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
O‘roz Haydar,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari.
O‘zA