Abituriyentlar uchun qulay sharoit yaratildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026–2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yuqori darajadagi tashkiliy tayyorgarlik asosida davom etmoqda.
Joriy yilning 14-iyul kuni boshlangan test sinovlari 23-iyulga qadar o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, sinovlar har kuni ikki smenada — birinchi smenada soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smenada esa 15:00 dan 18:00 gacha tashkil etilmoqda.

Kirish test sinovlarini ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etish, barcha abituriyentlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda imtihon jarayonlarining xolis va qonuniy o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha jarayonlar belgilangan tartib va talablar asosida tashkil etilib, jamoatchilik nazorati hamda zamonaviy nazorat mexanizmlari orqali test sinovlarining shaffofligi ta’minlanmoqda.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi Bilim va malakalarni baholash agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida o‘tkazilayotgan test sinovlari jarayonida abituriyentlar hamda ularning ota-onalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli ko‘mak va targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirildi. Tadbir doirasida test sinovlariga kiruvchi abituriyentlarning shaxsiy buyumlarini ishonchli saqlash uchun maxsus saqlash hududi tashkil etildi. Bu yerda shaxsiy buyumlar tartibli ravishda qabul qilinib, xavfsiz saqlandi hamda test sinovlari yakunlanganidan so‘ng egalariga to‘liq holda qaytarildi.

Shuningdek, filialning mas’ul xodimlari va ko‘ngilli talabalari tomonidan abituriyentlarga testga kirish ruxsatnomalarini aniqlash va chop etishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Ularga test sinovlari tartibi, imtihon jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar hamda muhim tavsiyalar haqida tushuntirish berildi.
Ota-onalar uchun ham alohida qulayliklar yaratildi. Ular bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, kutish hududlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv tizimlari orqali farzandlarining test topshirish jarayonini haqiqiy vaqt rejimida kuzatish imkoniyati mavjudligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa ota-onalarning xotirjamligini ta’minlashga xizmat qildi.
Shu bilan bir qatorda, filial professor-o‘qituvchilari va mas’ul xodimlari tomonidan abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga filialda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilmiy va o‘quv laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar bazasi, talabalar turar joyi, Axborot-resurs markazi, mavjud ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Shuningdek, filial faoliyatini aks ettiruvchi axborot va targ‘ibot materiallari tarqatildi. Bugungi kunda mamlakatimizda abituriyentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning bilim va salohiyatini xolis baholash hamda kirish test sinovlarini adolatli, shaffof va qonunchilik talablari asosida tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri