Abdulla Qodiriy siymosiga ehtirom
Bu yil o‘zbek romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Bu yil o‘zbek romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Adib yashagan xonadon uy muzeyiga aylantirildi. Taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammadning yozuvchi hayoti haqidagi “Yolg‘iz“ qissasi asosida O‘zbekiston davlat drama teatrida Olimjon Salimov rejissyorligida “Jinlar bazmi” spektakli sahnalashtirildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ochildi. Poytaxtimizdagi yozuvchi nomidagi istirohat bog‘ida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi qurilmoqda. Bu yerda adib nomidagi kutubxona va muzey ham bo‘ladi. Abdulla Qodiriy asarlari lug‘ati tuzildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki, o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” degan ulug‘ bobokalonimiz tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan “Abdulla Qodiriy va o‘zbek adabiy tili” mavzuida ilmiy konferensiya ham ana shu ezgu ishlarning davomi o‘laroq o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori Naim Karimov, Ozarbayjon Milliy Yozuvchilar birligi dramaturgiya kengashi raisi Firuz Mustafo, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Yozuvchilar uyushmasi boshqaruv kengashi a’zosi, shoir va tarjimon Begijon Ahmedov, filologiya fanlari doktori Suvon Meli, Xurshid Do‘stmuhammad, filologiya fanlari doktori Bahodir Karim adib ijodiy faoliyatiga doir ma’ruzalar o‘qidi.
Anjuman doirasida ekspozitsiya va kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.