Hamshiralarning jamoat salomatligidagi roli qanchalik muhim?
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida faoliyat yuritayotgan hamshiralarning professional bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash jamoat salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Koreya ijtimoiy xayriya fondi hamda Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) hamkorligida Toshkent shahrining Yangihayot va Bektemir tumanlari hamshiralari uchun maxsus xalqaro seminar-trening tashkil etildi.
Interfaol usulda o‘tkazilgan trening davomida ishtirokchilar aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olish, profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishning zamonaviy yondashuvlari bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirdi.
Soha mutaxassislari tomonidan aholi bilan muloqot qilish madaniyati va tibbiy targ‘ibot usullariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tibbiyot xodimlariga aholiga kasallik profilaktikasiga oid tavsiyalarni sodda, tushunarli va ta’sirchan tarzda yetkazish, shuningdek, har bir oila bilan individual ishlash bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikmalar berildi.
– Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda hamshiralarning xizmatlari beqiyos, – deydi trener Maftuna Saidova. – Jamoat salomatligida kasallikning oldini olish, ya’ni profilaktika va tibbiy targ‘ibot eng muhim bosqich hisoblanadi va bu jarayonning asosiy yuki aynan hamshiralar, xususan, patronaj hamshiralari zimmasiga tushadi. Ular har bir xonadonga kirib borib, aholining tibbiy madaniyatini oshiradi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, surunkali xastaliklarni barvaqt aniqlashga yordam beradi va palliativ parvarishga muhtoj bemorlarga bevosita psixologik hamda tibbiy ko‘mak ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, hamshiralar malakasi va vakolatining kengaytirilishi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini keskin oshiradi. Xalqaro hamkorlik doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi treninglar patronaj va tibbiyot hamshiralarining jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, interfaol mashg‘ulotlar va tajriba almashinuv jarayonida olingan bilimlar tibbiyot xodimlarining kundalik faoliyatida aholi bilan ishlash samaradorligini hamda profilaktika tadbirlarining sifatini yaxshilab, oxir-oqibat jamoat salomatligini mustahkamlashdek natijaga eltadi. Xalqaro hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan bu kabi qo‘shma loyihalar ilg‘or xorijiy tajribalarni mahalliy tibbiyotga tatbiq etish, xodimlarning mahoratini boyitish va aholi salomatligini muhofaza qilishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA