Suzish: Jahon kubogi bosqichining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi” Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha jahon kubogi bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Suzish bo‘yicha “Ipak yo‘li” turining bir qismi hisoblangan mazkur jahon kubogi bosqichi mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, musobaqa sportchilar uchun joriy yil dekabr oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan tashqari, Avstraliya, Jazoir, Belarus, Belgiya, Botsvana, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gonkong, Isroil, Hindiston, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Xitoy, Latviya, Makao (Xitoy), Namibiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, O‘mon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Salvador, Singapur, AQSH, Trinidad va Tobago, Uganda, Finlyandiya, Chexiya, Shveysariya, Shvetsiya, Estoniya, Janubiy Afrika va Yaponiya mamlakatlaridan kelgan suzuvchilar bilan bir qatorda, suzish klublaridan ham vakillar ishtirok etayotir.
Bayramona bezatilgan mazkur sport saroyida chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.


Marosimda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston suv sporti federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, “World Aquatics” tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda Xalqaro suzish federatsiyasi — “World Aquatics” prezidenti Husayn Al Musallam ishtirok etdi.
Tadbirda Qudratilla Rafiqov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda sportni, ayniqsa, suv sportini rivojlantirish, sportchilar uchun munosib sharoitlar yaratish va nufuzli xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Jahon kubogi bosqichida 400 nafarga yaqin mahoratli sportchining yurtimizda jam bo‘lishi mazkur e’tiborning yana bir amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.
Alohida ta’kidlash zarurki, ushbu yo‘nalishlardagi amaliy harakatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda. Hujjatda suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sakrash kabi sport turlarini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Mazkur islohotlar natijasida O‘zbekistonning xalqaro suv sporti harakatidagi ishtiroki kengayib, 2025-yilda mamlakatimiz vakili 2025-2029-yillar uchun “World Aquatics” byurosiga Osiyo mintaqasidan a’zo etib saylandi. Shuningdek, o‘tgan yili davlatimiz rahbari “World Aquatics” prezidenti Husayn Al-Musallamni qabul qilib, xalqaro tashkilot bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashgan edi. Mazkur amaliy ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda.


Tadbirda bugungi kunda yangi O‘zbekiston sportchilarining xalqaro tajribalarini yuksaltirish, xususan, suv sporti sohasida yetakchi xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, yuqori malaka va tajribaga ega murabbiylar tarkibini shakllantirish yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Suv sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda ulkan g‘alabalarga erishmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda suv sport turlari bo‘yicha yirik xalqaro anjumanlar yuqori saviyada tashkil etilayotir.
Suzish Olimpiya va Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli tadbirlarda eng ko‘p medallar o‘ynaladigan sport turi ekani barchaga ma’lum. Shu bois ham ayni kunlarda O‘zbekiston suv sporti turlari federatsiyasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, suzuvchilarga yanada qulay imkoniyatlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Suv sporti bo‘yicha jahon kubogi musobaqalarining dastlabki kunida ayollar o‘rtasida 50 va 400 metrga erkin suzish, 50 metrga chalqancha suzish, 200 metrga brass usulida va batterflyay usulida suzish, 100 metrga individual aralash suzish musobaqalari o‘tkazildi. Erkaklar o‘rtasida esa 50 va 400 metrga erkin suzish, 200 metrga chalqancha suzish, 100 metrga brass usulida va batterflyay usulida suzish, 100 metrga individual aralash suzish musobaqalari o‘tkazildi.
Jahon kubogi bosqichi musobaqalari 10-oktabrgacha davom etadi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA