"Kabar": Qirg‘iziston ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
Qirg‘iz Respublikasi o‘zining ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqish orqali kosmik tadqiqotlar sohasiga navbatdagi qadamini qo‘ydi. Bu haqda axborot hamkorimiz - “Kabar” AA xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, mamlakat prezidenti Sadir Japarov AQSHdagi amaliy tashrifi doirasida 1-oktabr kuni ushbu tarixiy uchirish marosimida shaxsan ishtirok etgan.
Fazoviy apparat Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan “SpaceX” kompaniyasining “Falcon 9” raketa-tashuvchisi yordamida, boshqa kosmik apparatlar guruhi tarkibida fazoga uchirildi. Qirg‘iziston va BAA hamkorligi mahsuli bo‘lgan ushbu sun’iy yo‘ldosh Bishkek shahrida joylashgan Boshqaruv markazi orqali nazorat qilinadi.

Ushbu loyiha Qirg‘iziston uchun turli sohalarda kosmik ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochadi. Olinadigan tasvirlar va raqamli ma’lumotlar yordamida qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv havzalari, o‘rmonlar hamda yaylovlar ahvoli, shuningdek, atrof-muhitdagi o‘zgarishlar aniq kuzatib boriladi. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari noqonuniy kon qazish ishlari, norasmiy chiqindixonalarni aniqlash va transport-logistika yo‘nalishlarini maqbullashtirishda qo‘llaniladi.
Yangi texnologiyaning yana bir muhim yo‘nalishi tabiiy ofatlar xavfini barvaqt aniqlashdan iborat. Fazoviy monitoring yordamida qurg‘oqchilik, suv toshqini, ko‘chki, sel va o‘rmon yong‘inlari alomatlari vaqtida aniqlanadi, bu esa xavfga tezkor munosabat bildirish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirishga xizmat qiladi.
Kelajakda ushbu ma’lumotlar davlat raqamli tizimlariga integratsiya qilinib, hududiy xaritalar hamda tahliliy modellarni yaratishda ishlatiladi. Bu esa davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyalarni rejalashtirish va milliy resurslarni yanada samarali boshqarish uchun mustahkam zamin yaratadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA