Avstriya modeli joriy etiladi
Avstriya davlatining dunyoga mashhur oliygohlaridan sanalgan “IMC Krems” – Krems amaliy fanlar universiteti rektori doktor Xayns Boyer hamda universitetning ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha ijrochi direktori Udo Kristian Brendli mamlakatimizga tashrifi doirasida Namangan viloyatida bo‘lib, bir qator mutasaddilar bilan uchrashishdi.
Nufuzli mehmonlar tashrif davomida dastavval Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashib, universitet bilan hamkorlikda mehmonxonalarni boshqarish, xalqaro standartlar asosida mutaxassis va trenerlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik ishlarini muhokama qilishdi. Shuningdek, Avstriya kasbiy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, amaliy va dual ta’limni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.Shundan so‘ng

mehmonlar Chortoq tumanidagi birinchi sonli texnikumiga kelishib, ilmu hunar maskani faoliyati, shu jumladan amaliyot xonalari, olib borilayotgan ta’lim dasturlari, moddiy-texnik bazasi, o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalarini ko‘zdan kechirishdi.
Muloqotlar davomida ta’lim muassasasining pedagoglari hamda ish beruvchilar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, turizm va mehmonxona xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Avstriya bilan hamkorlikni rivojlantirish, kasbiy ta’limda xalqaro standartlarni joriy etish, mehmondo‘stlik va mehmonxona boshqaruvi bo‘yicha yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, amaliy va dual ta’limni rivojlantirish, o‘qituvchi va o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, “Train-the-Trainer” dasturlarini tashkil etish kabi qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hamkorlikdagi dastur “2+2” shaklida joriy etilib, dastlabki bosqichda talabalar ikki yil kasbiy ta’limdan so‘ng turizm yo‘nalishida o‘qitilib, “IMC” turizm bo‘yicha diplomiga ega bo‘ladi. Keyingi bosqichda esa bakalavr diplomiga ega talabalar ikki semestr mehmonxona va gastronomiya yo‘nalishida o‘qitilib, “IMC” mehmonxona boshqaruvi diplomini qo‘lga kiritadi.
Qayd etish joizki, joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda Avstriyaning “IMC Krems” universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu hamkorlik eng avvalo, kasbiy ta’limni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya a’zolari Namangan viloyatining bir qator tumanlarida ham bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdilar. Ayniqsa, mehmonlarda To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan, uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan Axsikent arxeologiya yodgorligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, qurilayotgan ochiq osmon muzeylarining o‘ziga xosligi katta taaassurot qoldirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri