Jamshid Qo‘chqorov JBIC vakillari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) katta boshqaruvchi direktori va direktorlar kengashi a’zosi Xiroki Sekine o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va JBIC o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, amalga oshirilayotgan tashabbuslarni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar davlat-xususiy sheriklik asosidagi infratuzilma tashabbuslari, jumladan, sog‘liqni saqlash va energetika sohalaridagi loyihalar, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, loyihalarga yapon kompaniyalarini jalb qilish va ularni moliyalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA