O‘zbekiston va Iordaniya: Kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi
Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vakillar palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari Xamis Atiyeh bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Senat Raisi O‘zbekiston Iordaniyani Yaqin Sharqdagi muhim va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida qadrlashini ta’kidladi. Mamlakatlarimizni tarixiy va madaniy aloqalar, xalqlarimizni esa o‘zaro hurmat an’analari bog‘lab turadi.
Iordaniya Qiroli Abdulla II ning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlagani e’tirof etildi. Tashrif davomida qabul qilingan qo‘shma bayonot va imzolangan 15 ta hujjat sheriklikni mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lgani, iqtisodiy aloqalar faollashib, Tadbirkorlar kengashi tashkil etilgani qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari hamda Iordaniyaning sayyohlik markazlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish o‘zaro turistik almashinuvni jonlantirishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat Senatlari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumida belgilangan kelishuvlarni amaliy ishlarga aylantirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish, kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Xamis Atiyeh Iordaniya O‘zbekiston bilan shakllangan do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlashini bildirib, siyosiy, iqtisodiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligini qayd etdi.
Uchrashuvda Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Falastin - Isroil mojarosini xalqaro huquq asosida hal etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Senat Raisi mazkur masalada O‘zbekiston va Iordaniyaning yondashuvlari yaqinligini ta’kidlab, mamlakatimiz mojaroni xalqaro huquq va xalqaro hamkorlik tamoyillari asosida hal etish tarafdori ekanini qayd etdi.
Muloqotda islom sivilizatsiyasi va buyuk allomalar merosini o‘rganish sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar ikki mamlakat olimlari va diniy soha vakillari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni parlamentlar darajasida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida o‘zaro parlament tashriflarini tashkil etish, qo‘mitalar o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma «yo‘l xaritasi» va tegishli memorandumlar ustida ishlash takliflari ilgari surildi. Ayol parlamentariylar o‘rtasidagi muloqot va tajriba almashinuvini kengaytirishga urg‘u berildi.
Tomonlar parlamentlararo muloqotni davom ettirish va hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA